Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan Qibray tumanidagi "ANFA" xalqaro kriket stadionida T20 formatida o‘tkazilgan O‘zbekiston ochiq chempionatida Toshkentning "ANFA", "Toshkent Warriors"," "Safron Tigres", Tashkent super kings", "Salar stars Tashkent", Buxoro viloyatining "Bukhara Defenders" hamda Farg‘onaning "Fergana Rangers" jamoalari bosh sovrin uchun bahs olib borishdi.
Bir hafta davom etgan musobaqalar davomida raqiblarini ortda qoldirgan Toshkentning "Tashkent Super Stars" va Farg‘onaning "Fergana Rangers" jamoalari chempionlik uchun kurashish huquqini qo‘lga kiritdi. Kecha, 27-oktabr kuni o‘tkazilgan hal qiluvchi final uchrashuvning shiddatli bahsi yakunida 147:95 hisobida g‘alaba qozongan "Tashkent super stars" jamoasi chempionlik shohsupasiga ko‘tarildi.
O‘zbekiston milliy terma jamoasiga mahoratli sportchilarni saralash vazifasini o‘tagan chempionatda g‘oliblikka erishgan "Tashkent super stars" jamoasiga tashkilotchilar tomonidan 20 million so‘m pul mukofoti hamda kubok topshirildi. G‘olib va sovrindorlarni taqdirlash marosimida O‘zbekiston kriket federatsiyasi raisi Aziz Mixliyev, Sport vazirligi mutaxassislari, tegishli tashkilot vakillari ishtirok etdi.