Mamlakatimizda sport taʼlim tizimini yangi bosqichga olib chiqish borasida xalqaro hamkorlik aloqalari keng rivojlanmoqda. Shu maqsadda joriy yilning oʻtgan davri mobaynida Xitoy, Janubiy Koreya, Germaniya, AQSH, Rossiya, Belarus kabi davlatlarning oliy taʼlim muassasalari bilan sport taʼlimining ilgʻor tajribalarini tatbiq etish borasida keng miqyosli aloqalar oʻrnatildi.
Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida Belorus Olimpiya akademiyasi raisi Natalya Aponchuk, Belarus davlat jismoniy tarbiya universiteti qoshidagi qayta tayyorlash va malaka oshirish instituti direktori Oleg Lusevich, Rossiya Federatsiyasi Perm ijtimoiy-pedagogika universiteti jismoniy tarbiya kafedrasi mudiri Yelena Starkova bilan oʻtkazilgan uchrashuv davomida mehmonlar universitetda yaratilgan sharoitlar, jumladan, axborot-resurs markazi, kurash zali, qishki sport turlariga tayyorlash simulyatsiya majmuasi, Jismoniy tarbiya va sport ilmiy tadqiqotlar instituti laboratoriyalari va faoliyati, talabalar turar joyi, sport saroyi faoliyati bilan tanishishdi.
Ilgʻor tajribalar, innovatsion tajribalarni oʻrtoqlashish mavzusidagi muloqot chogʻida Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti rektori Rashid Matkarimov mehmonlarga mamlakatimizda professional sportchilarni tayyorlaydigan malakali mutaxassislarni tayyorlash, sport taʼlimi yoʻnalishida olib borilayotgan ilmiy izlanishlar, yoshlar oʻrtasida Oʻzbekistonda oʻtadigan “Toshkent-2025” oʻyinlarini tashkil etishda jismoniy tarbiya va sport taʼlimi mutaxassislari oldida turgan vazifalar, xalqaro hamkorlikni mustahkamlashda ishlab chiqilgan aniq manzilli dasturlar ijrosini taʼminlash xususida soʻzlab berdi.
Suhbat yakunida davlatlararo imzolangan bir qator rasmiy hujjatlarda belgilangan jismoniy tarbiya va sport yoʻnalishidagi vazifalarning ijro holati tahlil qilindi.