🔷 Budapesht shahrida 45-Butunjahon shaxmat olimpiadasining dastlabki tur o‘yinlari yakunlanishi ortida jamoalarning shaxdu shiddati haqida ilk tasavvurlar paydo bo‘ldi, deyish mumkin.
✅ Erkaklar o‘rtasida kechgan 1-tur o‘yinlari yakunlariga ko‘ra, 89 ta jamoa muvaffaqiyatga erishgan bo‘lsa, ularning 56 tasi raqiblarini to‘liq ustunlik holatida yengdi. Ya’ni, har bir jamoaning 4 nafar shaxmatchisi to‘liq g‘alabaga erishdi. Hamyurtlarimiz Trinidad va Tobago terma jamoasini 3,5:0,5 hisobida yengdi.
♟Grossmeysterlarimizdan Nodirbek Abdusattorov, Shamsiddin Vohidov va Jahongir Vohidov o‘z partiyalarida g‘olib chiqdi. Nodirbek Yoqubboyev Trinidad va Tobago vakili bilan durang o‘ynadi.
⭐️ Erkaklar terma jamoasidan farqli o‘laroq ayollar terma jamoamiz to‘liq ustunlikka ega bo‘lgan 72 ta jamoadan biri bo‘ldi. Ayollar musobaqasining 1-turida ishtirokchi davlatning 81 tasi g‘olib chiqdi.
Bugun, 12 sentyabr kuni jahon chempionatining 2-turida O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi qora donalarda Misr vakillariga qarshi dona so‘rsa, ayollar terma jamoamiz 2-turda Angola terma jamoasiga ro‘baro‘ kelmoqda. Xotin-qiz shaxmatchilarimiz ham uchrashuvni qora donalarda o‘tkazadi.
Eslatib o‘tamiz, 45-butunjahon shaxmat olimpiadasi o‘yinlari 11-turdan iborat bo‘lib, 22 sentyabr kuni so‘nggi tur bahslari bo‘lib o‘tadi.