#rektor_bilan_uchrashuv
Bugun Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida oliygoh rektori Rashid Matkarimov hamda ilmiy tadiqoqotchilar, magistrant va iqtidorli talabalar bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Ertangi kun oʻzbek sporti egalari bilan boʻlib oʻtgan ushbu uchrashuvda universitet rektori Rashid Matkarimov tomonidan izlanuvchilardan ilmiy tadqiqot jarayonlarida dunyo tajribasi, soʻngi texnologiya va metodlar bilan tanishishi talab etilishi va buning uchun chet tillarini puxta egallagan boʻlishi zarurligi, soha rivoji yoʻlida doimiy izlanishda boʻlish, shuningdek, har bir tadqiqotchi va magistrantlarning sohaga oid zaruriy adabiyotlar va oʻquv qoʻllanmalarni mutolaa qilishlari bugungi zamon talabi ekanligi, shuningdek, Universitetning ilmiy salohiyatini oshirish, xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirish yoʻnalishida olib borilayotgan islohotlar xususida toʻxtalib oʻtdi.
Jumladan, shartnoma asosida Universitetga Germaniyaning Kyoln sport universiteti professorlari Georgiy hamda Lesia Korobeynikovalar jalb etilgani yaqin kelajakda xalqaro miqyosda natijalar berishi kutilayotgani, ilmiy izlanuvchilar ham sohaga fidokorlik, professionallik bilan yondashishi, eng avvalo vatanparvarlik va oʻziga talabchanlik sifatini yuqtirishi zarurligi taʼkidlab oʻtildi.
Ochiq va doʻstona ruhda oʻtkazilgan uchrashuvda yosh tadqiqotchilar va iqtidorli talaba-yoshlarni qiynayotgan muammolar, ularning yechimi, shuningdek, ularga qoʻyilayotgan talablar toʻgʻrisida talabalar va masʼullarning fikrlari eshitildi.
Oʻz navbatida, iqtidorli talabalarni saralab olish, ular bilan muntazam ishlash, magistratura va undan yuqori bosqichdagi qabul jarayonlarida shaffoflikni taʼminlash, iqtidorli talabalarni nomdor va Prezident stipendiyasiga tavsiya etish yuzasidan ham tegishli topshiriqlar berildi.
Universitet rektori soʻnggi soʻz oʻrnida ilmni kelajak uchun eng katta sarmoya deb bilgan yoshlarning ota-onalariga oʻz tashakkurini bildirdi hamda ilmiy izlanuvchilar uchun universitetda davlatimiz tomonidan barcha sharoitlar yaratilib berilganini alohida taʼkidlab oʻtdi.