#kengash_yig‘ilishi
Kecha 29 fevral kuni O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining kengaytirilgan Kengash yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Universitet rektori Rashid Matkarimov, O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligi mas’ul xodimi Muqum Arziqulov, prorektorlar, kafedra mudirlari, bo‘lim boshliqlari va boshqa mas’ullar ishtirokida o‘tkazilgan mazkur yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, Prezident farmon va qarorlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hay’ati qarorlari va buyruqlari, O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligi qaror va buyruqlari, Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarining universitetda bajarilishi holati, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Jismoniy tarbiya va sport sohasida kadrlarni tayyorlash hamda ilmiy tadqiqotlar tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-414-sonli qarorida berilgan topshiriqlarni o‘z muddatida va sifatli ijro etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Yig‘ilish davomida o‘z yubiley yoshlarini qarshi olgan oliygohning bir qator ustozlari universitet Kasaba uyushmasi tomonidan qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Tanqidiy ruhda o‘tkazilgan mazkur yig‘ilishda rektor Rashid Matkarimov davlat rahbarining sport sohasiga ko‘rsatayotgan e’tibori, sohada amalga oshirilayotgan islohotlarda Universitet jamoasi ham kamarbasta bo‘lib, vatanparvarlik va fidoiylik bilan ishlash zarurligi, har bir xodim o‘z vazifasini sidqidildan bajarib, natijaga ishlashi zarurligi to‘g‘risida gapirib o‘tdi.
Shuningdek, Kengash yig‘ilishida universitetning yetakchi o‘qituvchilarini ilmiy unvonlarga tavsiya qilish, 2023-2024 o‘quv yili I yarim yilligi uchun o‘quv yuklamalarining bajarilishi, qishki yakuniy-nazorat natijalari, 2024-2025 o‘quv yili uchun kirish ijodiy (kasbiy) imtihonlarining dasturiy talablari va baholash mezonlarini tasdiqlash, universitet Axborot-resurs markazini zarur o‘quv adabiyotlari, badiiy kitoblar bilan ta’minlash, 8-mart “Xalqaro xotin-qizlar kuni”, 21-mart – Navro‘z umumxalq bayrami munosabati bilan o‘tkaziladigan bayram tadbirlariga tayyorgarlikning borishi to‘g‘risida mas’ullarning hisobotlari eshitildi hamda ularga tegishli ko‘rsatmalar berildi.