Bugun Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida mazkur oliygoh hamda Oʻzbekiston karate Milliy federatsiyasi oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Maʼlumki, Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining yakkakurash fakultetida karate yoʻnalishi ham ochilgan edi. Shu nuqtai nazardan, har ikki tomon bir-biriga yaqindan yordam berish, tajribali mutaxassislarni jalb qilish barobarida yetuk kadrlarni tayorlashni birlamchi maqsad qilib belgilab oldilar.
Shuningdek, ushbu yoʻnalishda moddiy texnika – baʼzasini mustahkamlash, xorijlik mutaxassislar bilan ham hamkorlik qilishni yoʻlga qoʻyishni kelishib oldilar.
Mazkur memorandum mobaynida Oʻzbekiston karate Milliy federatsiyasi raisi Alam Mullayev federatsiya tomonidan har qanday yordamga tayyor ekanligini va hamkorlikdan xursand ekanligini bildirib oʻtdi. Universitet prorektori Kamil Bayazitov ham soʻz olib, yangi yoʻnalishni yanada rivojlantirib, yaxshi kadrlarni tayyorlashda jiddiy mehnat qilinishini va bunda Oʻzbekiston karate Milliy federatsiyasining hamkorligi muhim ekanligini taʼkidlab oʻtdi.
Kafedra mudiri Shuhrat Arslonov ham ushbu hamkorlik kelajakda yurtimizda karate sport turini yanada rivojlanishiga va sportchilarimiz xalqaro arenalarda yurtimiz sharafini munosib himoya qilishida asosiy omil boʻlib xizmat qilishini maʼlum qildi.
Shuningdek universitet dotsenti Nurjan Tastanovning taklifi ham barchada ijobiy taassurot qoldirdi. U yurtimizdagi karate sport turining bayroqdorlaridan Arslon Elov va boshqa faxriylarning tajribasi bilan oʻrtoqlashgan holda xorijlik mutaxassislar bilan hamkorlikda ishlash yanada foydaliroq boʻlishini bildirib oʻtdi.
Bir soʻz bilan aytganda, memorandum mobaynida oldinda turgan bir qator masalalar oʻz yechimini topdi. Oʻylaymizki, mazkur bitim yurtimizda karate WKF yoʻnalishini yuksak choʻqqilarga koʻtarilishi uchun xizmat qiladi.