#seminar-trening
Joriy yilning 15-noyabr kuni O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida oliygohning «Sport huquqi, ijtimoiy, tabiiy-ilmiy fanlar kafedrasi» professor o‘qituvchilarining tashabbusi bilan Al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining bir guruh professor o‘qituvchilari ishtirokida "Sport biomexanikasining tadqiqot metodlari" mavzusi bo‘yicha ilmiy seminar-trening tashkil etildi.
Unda Jismoniy tarbiya va sport ilmiy tadqiqotlar instituti xodimlari, professor-o‘qituvchilar, yosh olimlar, mustaqil izlanuvchilar, doktorant hamda talabalar ishtirok etishdi.
Seminar-trening davomida sport biomexanikasining zamonaviy tadqiqot metodlari va konsepsiyalari nimalardan iborat ekanligi, xususiy biomexanika, sport texnikasining optimal variantlarini yaratish kabi dolzarb masalalar haqida so‘z yuritildi. Shuningdek, biomexanika va uning asosida jismoniy tarbiya va sport bo’yicha ilmiy tadqiqotlarda biomexanik usullarni qo’llab o’tkazilgan tadqiqotlar ko’lami yetarlicha emasligi hamda ilmiy ma’lumotlarning juda ozligi sabab, mazkur yo‘nalishda ilmiy tadqiqotlarni ko‘paytirish zarurligi alohida ta’kidlab o’tildi.
Yakunda barcha seminar qatnashchilari O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetidagi Jismoniy tarbiya va sport ilmiy tadqiqotlar institutining "Sportchilarni kompleks tekshirish ilmiy-tadqiqot laboratoriyasi" faoliyati bilan yaqindan tanishishdi.