Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining beshinchi Maslahat uchrashuvi joriy yilning 14-15 sentyabr kunlari bo‘lib o‘tdi.
Turli tillarda so‘zlashuvchi, ammo bir-birini tilmochsiz ham tushuna oladigan qardosh xalqlarimiz yetakchilarining maslahatlashuv formatini Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2017 yil 10 noyabr kuni BMT shafeligida Samarqand shahrida o‘tgan “Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yo‘lidagi hamkorlik” mavzusidagi xalqaro konferensiyada ilgari surgan edi. O‘shanda bu tashabbusni mintaqadagi barcha davlatlar va xalqaro tashkilotlar qo‘llab-quvvatlagan edi. Shundan buyon bo‘lib o‘tgan besh uchrashuvning har biri nafaqat mintaqa xalqlari va xalqaro ekspertlar, balki butun dunyo siyosiy doirasi e’tibor markazida bo‘lib kelmoqda.
Buning aniq sabablari bor.
Birinchidan, globallashuv davrida qadim Buyuk ipak yo‘lida joylashgan va dunyo xalqlari sivilizatsiyasiga beqiyos hissa qo‘shgan Markaziy Osiyo davlatlari, Turkiston o‘lkasi, xususan, O‘zbekiston zamini bugun yana dunyo sahniga chiqa boshladi. Bu o‘zaro hamjihatlik va turkiy davlatlar birlashuvi bilan aks-sado bermoqda.
Ikkinchidan, tinchlikni saqlash, geosiyosiy vaziyatni barqaror asrab qolish bilan bog‘liq g‘oyat tahlikali bir vaziyatda mintaqamizdagi ishonchli muhit dunyo taraqqiyotining asosi sifatida bo‘y ko‘rsatmoqda.
Uchinchidan, ma’naviy taraqqiyot tanazzulga yuz tutayotgan asrimizda mintaqamizda shakllangan qadriyatlar, an’analar va milliy ma’naviy yuksalish yo‘lidagi yutuqlar jozibadorligi har doimgidan ham dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Tojikistonda bo‘lib o‘tgan navbatdagi Maslahat uchrashuvi hamda unda Prezident Shavkat Mirziyoyev bildirgan taklif va tashabbuslar bilan tanishish asnosida tug‘ilgan bu fikrlarni ilm-fan va ta’lim, yoshlar siyosati sohasidagi mintaqaviy bog‘liqlik haqidagi mulohazalarimiz bilan davom ettirmoqchimiz.
Shu o‘rinda, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining ikkinchi maslahatlashuv uchrashuvi haqida Yevropaning Osiyo tadqiqotlari instituti ekspertlari Kalum Tomson va Alberto Turkstra fikr bildirar ekan, Prezident Shavkat Mirziyoyevning universitetlar forumi, mintaqaviy sport tadbirlarini o‘tkazishga doir takliflarini Markaziy Osiyoda mushtarak tarix, til, diniy merosga asoslangan yagona rivojlanishni shakllantirishning samarali usuli sifatida baholaganini eslash joiz bo‘ladi. Bu 2019-yilgi gap. Shundan buyon mintaqamiz davlatlari yoshlari o‘rtasida turli madaniy-ma’rifiy, sport tadbirlari o‘tkazilishi yaxshi an’anaga aylandi.
Bu safargi maslahatlashuv uchrashuvida ham mintaqamiz yoshlarining bugungi va kelajak hayoti, daxlsiz taqdiri Prezident Shavkat Mirziyoyev e’tiborida bo‘ldi. Jumladan, umumiy tarix, urf-odat, madaniyat va qadriyatlarga – Markaziy Osiyoning noyob sivilizatsiyasi mushtarakligi va rang-barangligiga asoslangan madaniy-gumanitar hamkorlik bizning eng muhim an’anaviy ustuvor yo‘nalishimiz ekanini ta’kidlagan davlatimiz rahbari, birgalikdagi madaniyat, san’at va kino kunlari, “do‘stlik kechalari”, yoshlar forumlari, ijodkor ziyolilarning uchrashuvlari, ilmiy simpozium va sport musobaqalarini o‘tkazish ezgu an’anaga aylanishi lozimligi, ushbu yo‘nalishdagi ishlar tizimliligini ta’minlash maqsadida Markaziy Osiyo mamlakatlarining madaniy-gumanitar hamkorligini chuqurlashtirish bo‘yicha Harakatlar rejasini qabul qilish taklifini ilgari surdi.
Madaniy-gumanitar hamkorlikni chuqurlashtirish bo‘yicha Harakatlar rejasining o‘zi nimani anglatadi?
Gap shundaki, har bir maqsadni amalga oshirish, ayniqsa, globallashuv hodisasi tobora avj olayotgan bugungi kunda, aniq va puxta o‘ylangan rejalarni talab qiladi. Shuningdek, rejalar va maqsadlar mushtarakligi bir-birini o‘zaro tushunish va umummintaqaviy o‘ziga xoslikni anglash tuyg‘usini mustahkamlaydi.
Shu ma’noda, aytish joizki, madaniy-gumanitar hamkorlikni chuqurlashtirish bo‘yicha Harakatlar rejasi bizning – Markaziy Osiyo mintaqasi xalqlarining bir yoqadan bosh chiqarib rivojlanishi uchun g‘oyat muhim ahamiyat kasb etadi.
Prezidentimizning yana boshqa muhim tashabbus va takliflarini ham tilga olish joiz bo‘ladi. Bu, yuqorida ham ta’kidlaganimizdek, mintaqa yoshlari siyosati masalasidir.
Davlatimiz rahbari maslahat uchrashuvida, jumladan, quyidagi takliflarni ilgari surdi:
Birinchi – Markaziy Osiyo yoshlari imkoniyatlarini kengaytirish va ularning salohiyatini ro‘yobga chiqarish markazini tashkil etish.
Agar bu markaz faoliyatini ko‘z oldimizga keltirsak, mintaqada kelajak uchun harakatlar uyg‘unligini tasavvur qilish qiyin emas. Chunki zamondosh avlodlar imkoniyatlarini kengaytirish va salohiyatli yoshlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash barcha davrlarda katta yutuqlarga, taraqqiyotning yangi tendensiyalariga yo‘l ochgan.
Shu ma’noda, Prezident Shavkat Mirziyoyev taklif qilayotgan markaz yoshlarning bilim va malakasini rivojlantirish bo‘yicha sa’y-harakatlarimizni birlashtirishga xizmat qilishi, shuningdek, ularni yetuk malakali kadrlar qilib tayyorlash va bandligini ta’minlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatli bo‘ladi.
Ikkinchi – mamlakatlarimizdagi iste’dodli yoshlar uchun ilm-fan va ta’lim sohasida Al-Xorazmiy, Forobiy, Jomiy, Maxtumquli, Chingiz Aytmatov kabi Markaziy Osiyo mintaqasidan yetishib chiqqan buyuk mutafakkirlar, alloma va faylasuflar nomidagi mintaqaviy grant va stipendiyalar ta’sis etish.
Bu nima uchun muhim? Biz hamisha yuksaklikka intilgan xalqmiz. Ajdodlarimiz dunyo sivilizatsiyasiga munosib hissa qo‘shgan va biz bundan faxrlanib kelamiz.
Sizu bizning tomirlarimizda buyuk bobolarimiz qoni oqmoqda. Shunday ekan, bu faxrlanish hissining bugungi amalimizga, Uchinchi Renessans yo‘lidagi orzu-umidlarimizga hamohangligini ta’minlash maqsadida ular nomidagi mintaqaviy grant va stipendiyalar ta’sis etilishi, avvalo, yosh avlodda munosiblik hissini ulg‘aytiradi. O‘z navbatida, dunyo afkor ommasiga qayta ko‘z ochayotgan Turon zamini hikmatini anglata boshlaydi.
Uchinchi – yosh avlodni ekstremistik g‘oyalar ta’siridan himoya qilish maqsadida yoshlarning radikallashuviga qarshi kurashish sohasidagi hamkorlik bo‘yicha Mintaqaviy kompleks dastur ishlab chiqish.
Aytish joizki, globallashuv va axborotlashish asri avlodlar tarbiyasida juda katta salbiy oqibatlarni keltirib chiqarmoqda. Buni har kuni uchratish mumkin bo‘lib qoldi. Ayniqsa, diniy niqob ostidagi xurujlar, ekstremistik xarakterdagi tajovuzkor harakatlar, radikallashuv kayfiyati insoniyat uchun katta va jiddiy xavfga aylandi.
Shunday tahlikali sharoitda yoshlarni ezgu maqsad yo‘lida birlashtirish, ularning hech birini o‘z muammosi bilan yolg‘iz tashlab qo‘ymaslik kun tartibidan tushmay qoldi.
Demak, Prezident Shavkat Mirziyoyevning yosh avlodni ekstremistik g‘oyalar ta’siridan himoya qilish maqsadida yoshlarning radikallashuviga qarshi kurashish sohasidagi hamkorlik bo‘yicha Mintaqaviy kompleks dastur ishlab chiqish taklifi bugungi va ertangi hayotimiz, o‘zaro bog‘liqlikda taraqqiy etishimiz uchun juda muhim, ta’bir joiz bo‘lsa, hayot-mamot masalasi sifatida ahamiyatlidir.
Bugun biz Prezidentimizning Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining beshinchi maslahatlashuv uchrashuvidagi nutqida madaniy-gumanitar hamkorlik va yoshlar siyosatiga doir taklif va tashabbuslari ahamiyati haqida fikr bildirishga harakat qildik.
Aslida, Markaziy Osiyo mamlakatlari rahbarlari va mintaqa xalqlarining bugungi zamon ruhi bilan do‘stlashuvi va bir maqsad yo‘lida birlashib harakat qilishi, bizning – har birimizning ertangi yorug‘ hayotimiz uchun muhimligini unutmasligimiz kerak bo‘ladi.
Mahmudjon Boltaboyev,
O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va
sport universiteti rektori, professor
O‘zA