Bugun O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida sportning regbi-7 turi bo‘yicha ayollar o‘rtasidagi “Universiada – 2022” sport musobaqalarining Respublika final bosqichi o‘z nihoyasiga yetdi va musobaqaning yopilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Marosim avvalida universitet rektori Maxmudjon Boltabayev so‘zga chiqib, musobaqaning barcha ishtirokchilariga o‘zining samimiy tilaklarini bildirdi. Shundan so‘ng g‘olib va sovrindor jamoalar hamda ularning murabbiylari tashkilotchilar tomonidan medal, diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Unga ko‘ra:
1-o‘rin – har bir o‘yinda o‘zlarining tengsiz ekanliklarini isbotlay olgan Toshkent viloyati jamoasiga;
2-o‘rin – Namangan viloyati jamoasiga;
3-o‘rin esa – Xorazm viloyati jamoasiga nasib etdi.
Maʼlumot o‘rnida, mazkur o‘yin “Universiada – 2022” sport musobaqalariga to‘liq yakun yasadi.