Bugun O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida ko‘plab muvaffaqiyatlarga erishgan bir guruh tadbirkor va bank xodimlari ishtirokida “Biznes marafon” motivatsion treningi tashkil etildi.
Unda Chirchiq shahrida samarali faoliyat yuritib kelayotgan tadbirkorlardan Y.Rustamov, Sh.Begmetov, F.Axmedov va T.Karimovlar, universitet Yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor Sh.Mirzanov, professor-o‘qituvchilar hamda talaba-yoshlar ishtirok etishdi.
Trening davomida ishbilarmonlar o‘z tajribalari, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish qoidalari va muvaffaqiyatga erishish sirlari, bu yo‘lda boshidan kechirgan mashaqqatli mehnat onlari haqida so‘zlab berdilar. Shuningdek mutaxassislar tomonidan tadbirkorlik faoliyatini boshlash, biznesda ustoz va shogirdlikning o‘rni, investitsiya jalb etishdagi ustuvor yo‘nalishlar hamda marketingni samarali yuritish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Yakunda talabalar ham mazkur soha bilan shug‘ullanish davomida o‘zlari uchragan muammolarga qanday yechim topish borasida savollar yo‘llab, tadbirkorlardan foydali va muhim bo‘lgan javoblarni olishdi.