#RektorYoshlar_haftaligi
Bugun O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti rektori Maxmudjon Boltabayev hamda oliygoh iqtidorli talaba-yoshlari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda Sportni boshqarish va turizm fakultetining talabalari hamda Prezident hamda nomdor davlat stipendiyalari g‘oliblari ishtirok etishdi.
Uchrashuv davomida rektor tomonidan “Sportda marketing kommunikatsiyalari samaradorligini oshirish yo‘llari” mavzusida o‘ziga xos va qiziqarli ma’ruza qilindi. Shuni alohida qayd etish kerakki, uchrashuv samimiy suhbatga ulanib, talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollari bilan murojaat qilib, ularga atroflicha javoblar olishdi.
O‘z navbatida, universitet rektori talabalarga jismoniy tarbiya va sport marketingi sohasini rivojlantirish bo‘yicha tushuntirishlar berib, o‘zining hayotiy tajribalari bilan ham o‘rtoqlashdi.
Undan tashqari oliygoh rahbari talabalarni o‘quv va amaliyot jarayonlarida qiynayotgan muayyan muammolar haqida bildirgan fikr-mulohazalari va takliflarini tinglagan holda, mavjud muammolar qisqa muddatda bartaraf etilishi hamda ularning kelgusida ko‘zlagan maqsadlariga erishishda amaliy ko‘mak berib borilishini alohida qayd etdi.
Yakunda esa universitet rektori talaba-yoshlarga o‘qish va ishlarida ulkan zafarlar tilab qoldi.