Bugun O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetiga oliygohning Boks, qilichbozlik nazariyasi va uslubiyati kafedrasi tashabbusi bilan Xalqaro havaskor boks assotsiatsiyasi Prezidenti Kremlyov Umar Nazarovich boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi.
Dastlab delegatsiya vakillari hamda universitet rektori Maxmudjon Boltabayev boshchiligidagi rahbariyat jamosi va talabalar ishtirokida universitet Olimpiya bog‘ida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan murabbiy, sport ustasi, hakam, boks bo‘yicha og‘ir vazn toifasida ikki karra O‘zbekiston SSR chempioni Andrey Borzenko haykalini yasash uchun tamal toshini qo‘yish marosimi o‘tkazildi va marosim davomida delegatsiya rahbari Umar Kremlyov universitet talabalariga o‘zining esdalik sovg‘alarini ulashdi.
Shundan so‘ng, delegatsiya vakillari hamda universitet rahbariyati, professor-o‘qituvchilar, Andrey Borzenkoning oila a’zolari va talaba-yoshlar o‘rtasida uchrashuv tashkil etildi. Uchrashuv davomida Kremlyov Umar Nazarovichga O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining professor unvoni hamda esdalik sovg‘alari topshirildi. Tashrif asnosida faxriy mehmon oliygohda talaba-yoshlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan ham yaqindan tanishdi.
Uchrashuv yakunida esa Andrey Borzenko haqida ishlangan hujjatli film taqdimoti o‘tkazilib, film talaba-yoshlar e’tiboriga namoyish etildi.