Bugun O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida “O‘zbekistonda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishning zamonaviy muammolari va yechimlari” mavzusida talaba va magistrantlarning ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tdi.
Unda Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor B.Musayev, anjuman Tashkiliy qo‘mita a’zolari D.Safarova, S.Tojiboyev, professor-o‘qituvchilar va talabalar ishtirok etishdi.
Anjuman davomida bir qator magistrant va bakalavr bosqichida tahsil olayotgan talabalar tomonidan maktabgacha ta’lim yoshidagi bolalarning aqliy rivojlanishida barmoqlar gimnastikasining ahamiyati, musobaqa oldi sportchilarda vazn tashlash jarayonini rejalashtirish hamda yosh gimnastikachilarni nostandart uskunalar yordamida aylanish maqshqlarini o‘rgatish kabi dolzarb mavzularda taqdimotlar qilindi. Qilingan taqdimotlar nafaqat o‘zbek, rus tillarida, balki ingliz tilida qilingani bilan ham katta ahamiyat kasb etdi. O‘z navbatida turli savollar asosida ishtirokchilar bilimi sinovdan o‘tkazildi.
Yakunda esa yuqori ballarni qo‘lga kiritgan taqdimot egalari sertifikatlar bilan taqdirlanishdi va anjuman o‘z ishini Sho‘balarda davom ettirdi.