Ayni vaqtda O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori B.Musayev boshchiligidagi delegatsiya Sankt-Peterburg shahridagi P.F.Lesgaft nomidagi jismoniy tarbiya, sport va salomatlik milliy davlat universitetida xizmat safarida bo‘lib turibdi.
Safar davomida ikki oliy taʼlim muassasasi vakillari o‘rtasida uchrashuvlar tashkil etilib, ularda taʼlim integratsiyasi bo‘yicha kelishuvga erishish va hamkorlik aloqalarini yana-da mustahkamlash bo‘yicha muzokaralar olib borildi. Shuningdek, oliygohimiz vakillari mazkur universitetda o‘tkaziladigan “Sport, inson, salomatlik” ХI xalqaro kongressida ham ishtirok etishni ko‘zlagan holda, kongress doirasida bo‘lib o‘tadigan davra suhbatlari, seksiya va mahorat darslarini bevosita kuzatish hamda o‘zaro tajriba almashish rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, ushbu xorijiy safar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 3 noyabrdagi “Jismoniy tarbiya va sport sohasida kadrlarni tayyorlash hamda ilmiy tadqiqotlar tizimini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-414-sonli qarori ijrosini taʼminlash yuzasidan tashkil etilgan bo‘lib, 30 aprelga qadar davom etadi.