Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 25-yanvardagi “Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini samarali yoʻlga qoʻyishga doir birinchi navbatdagi tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF–14-son Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida:
1. Quyidagilar:
Yoshlar siyosati va sport vazirligi faoliyatining ustuvor yoʻnalishlari 1-ilovaga muvofiq;
Yoshlar siyosati va sport vazirligi tizimidagi muassasalarni qayta tashkil qilish dasturi 2-ilovaga muvofiq;
Yoshlar siyosati va sport vazirligining tashkiliy tuzilmasi 3-ilovaga muvofiq;
Yoshlar ishlari agentligining tashkiliy tuzilmasi 4-ilovaga muvofiq;
Yoshlar siyosati va sport sohasida islohotlarni chuqurlashtirish va tizim faoliyatini transformatsiya qilish boʻyicha “yoʻl xaritasi”
5-ilovaga muvofiq;
Yoshlar siyosati va sport vazirligi hamda Yoshlar ishlari agentligining xususiy sektorga oʻtkaziladigan funksiyalari roʻyxati 6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Yoshlarni qoʻllab-quvvatlashni yanada kengaytirish maqsadida quyidagi chora-tadbirlar belgilansin:
2023–2024-yillar davomida “Yoshlar daftari” tizimi orqali yoshlarga koʻrsatiladigan ijtimoiy-iqtisodiy xizmat turlari1,5 barobargacha oshiriladi;
yoshlarga ijtimoiy-iqtisodiy xizmatlarni koʻrsatishda ularning iqtidoridan unumli foydalanishga qaratilgan ijtimoiy shartnomalar amaliyoti joriy etiladi;
davlat organlari va tashkilotlarining yoshlarni qoʻllab-quvvatlash tizimi “Yoshlar balansi” asosida yoshlarning ijtimoiy holati, qiziqishi va muammolarining xususiyatidan kelib chiqib yoʻlga qoʻyiladi;
davlat organlari va tashkilotlarining yoshlarni qoʻllab-quvvatlash tizimini yoʻlga qoʻyish bilan bogʻliq zarur boʻlgan maʼlumotlarni shakllantirish maqsadida “Elektron hukumat” tizimi Idoralararo integratsiyalashuv platformasining tegishli axborot resurslari bazalari Yoshlar ishlari agentligining axborot tizimlariga integratsiya qilinadi;
davlat organlari va tashkilotlarining rahbarlari har yili 1-fevralga qadar oʻz tizimlarida yoshlarga oid davlat siyosati sohasida belgilangan vazifalarni amalga oshirishga qaratilgan yillik “Yoshlar dasturi”ni Yoshlar siyosati va sport vazirligi bilan kelishgan holda tasdiqlaydi;
Mahallalarda yoshlar bilan ishlash masalalarini muvofiqlashtirish boʻyicha respublika komissiyasi har yarim yilda kamida bir marotaba davlat organlari va tashkilotlarining yoshlarni qoʻllab-quvvatlash borasidagi faoliyati natijadorligi hamda qabul qilingan “Yoshlar dasturi” ijrosini tanqidiy muhokama qilib boradi.
3. 2024-yil 1-yanvardan boshlab davlat organlari va tashkilotlari tomonidan yoshlarga oid davlat siyosati sohasida oʻtkaziladigan yoshlar festivallari, forumlar, loyihalar, tanlovlar va boshqa madaniy-maʼrifiy tadbirlar Yoshlarga oid tadbirlarning yillik kalendar rejasi asosida amalga oshirilishi yoʻlga qoʻyilsin.
Bunda:
Yoshlarga oid tadbirlarning yillik kalendar rejasi har yili dekabr oyi yakuniga qadar davlat organlari va tashkilotlarining takliflari asosida shakllantiriladi;
tadbirlarni tashkil etish va oʻtkazish, shuningdek, ishtirokchi yoshlarni ragʻbatlantirish Yoshlar siyosati va sport vazirligi tomonidan belgilangan tartib asosida amalga oshiriladi;
Yoshlarga oid tadbirlarning yillik kalendar rejasi doirasida oʻtkaziladigan tadbirlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar yoshlarportali.uzyagona elektron platformasiga joylashtirib boriladi va tadbirlarda ishtirok etadigan yoshlarni platforma orqali elektron roʻyxatga olish yoʻlga qoʻyiladi;
2023-yil 1-dekabrga qadar yoshlarportali.uz yagona elektron platformasiga davlat organlari va tashkilotlarining yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi maʼlumotlar bazalari ular tomonidan integratsiya qilinadi.
4. 2024-yil 1-yanvarga qadar sport sohasini raqamlashtirish boʻyicha 24 ta yoʻnalishdagi axborot tizimlarini oʻz ichiga olgan “ERP Sport” yagona elektron boshqaruv tizimi ishga tushirilsin hamda UzASBO dasturidagi maʼlumotlar bilan integratsiya qilinishi taʼminlansin.
Bunda:
Yoshlar siyosati va sport vazirligi va uning hududiy boʻlinmalaridan markazlashgan tartibda mablagʻ oluvchi barcha tashkilotlar ushbu tizimga toʻliq ulanadi hamda sport sohasidagi xarajatlar tizimda shaffof va ochiq tarzda aks ettiriladi;
joylarda Yoshlar siyosati va sport vazirligi mablagʻlari hisobidan barpo etiladigan sport obyektlari va inshootlarining kamida 30 foizi mazkur elektron tizim orqali ushbu hududda yashovchi aholi tomonidan ovoz berish yoʻli bilan aniqlanadi.
5. 2023-yil 1-iyuldan boshlab sportchi identifikatsiya kartalari uchun toʻlovlar miqdori uch barobarga kamaytirilsin hamda ulardan foydalanish muddati 5 yil etib belgilansin.
Belgilansinki:
a) 2024-yil 1-martdan boshlab sport turlari boʻyicha oʻtkaziladigan rasmiy musobaqalar, Oʻzbekiston chempionati va kubogida ishtirok etishi uchun sportchilarning mansubligi va ularning malakasini identifikatsiya kartalari (ID-karta) orqali aniqlash tartibi joriy etiladi;
b) 2024-yil 1-iyuldan boshlab:
sportchilar va ularga biriktirilgan trenerlar va boshqa mutaxassislarning barcha maʼlumotlari “ERP Sport” yagona elektron boshqaruv tizimida yuritiladi. Bunda, faqat ushbu tizim orqali olingan maʼlumotlar haqqoniy hisoblanadi;
sportchilar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni tasdiqlovchi (xalqaro sport federatsiya/assotsiatsiyalari talablari boʻyicha joriy etiladigan hujjatlar bundan mustasno) boshqa har qanday sportchi pasportini joriy etish qatʼiyan taqiqlanadi.
6. Olimpiya va Paralimpiya, Osiyo va Paraosiyo oʻyinlari, olimpiya va paralimpiya sport turlari (yosh toifalari) boʻyicha jahon chempionatlarida gʻolib va sovrindor boʻlgan sportchilar, shuningdek, ularni tayyorlagan trenerlarni Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan ragʻbatlantirish miqdorlari 7-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
7. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq 2024-yil 1-yanvardan boshlab:
Davlat byudjeti parametrlarini tasdiqlash boʻyicha har yili qabul qilinadigan qonun va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlarida sport sohasini rivojlantirish dasturlari uchun nazarda tutilgan mablagʻlar Yoshlar siyosati va sport vazirligiga ajratilib, vazirlik tomonidan mustaqil taqsimlanadi;
yoshlar siyosati va sport sohasida belgilangan maqsadli koʻrsatkichlarga erishish holati boʻyicha tahliliy materiallar va tashkilotlarga Yoshlar siyosati va sport vazirligidan ajratilgan mablagʻlar miqdori toʻgʻrisidagi maʼlumotlar har chorakda ommaviy axborot vositalari va boshqa kommunikatsiya manbalari orqali keng jamoatchilikka eʼlon qilib boriladi.
8. Quyidagilar yoshlar siyosati va sport sohasiga ajratilayotgan Davlat byudjeti mablagʻlaridan samarali foydalanish va oʻzini oʻzi moliyalashtirish tizimiga bosqichma-bosqich oʻtishning asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin:
tadbirlarni moliyalashtirish jarayonlarini toʻliq raqamlashtirish, ajratilayotgan mablagʻlar manzilliligi va ulardan oqilona foydalanish boʻyicha “xavfni tahlil qilish”ni yoʻlga qoʻyish va onlayn nazorat tizimini yaratish;
sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlari kalendar rejasini shakllantirish va sport tadbirlarini oʻtkazishning ilgʻor xorij tajribasiga asoslangan zamonaviy mexanizmlarini joriy etish;
nufuzli xalqaro musobaqalarda gʻolib va sovrindor boʻlgan sportchi yoshlar hamda ularning trenerlarini ragʻbatlantirishni tizimlashtirish;
tizimdagi bino va inshootlar hamda sport obyektlari va inshootlarida energiya va resurslarni tejaydigan texnologiyalarni bosqichma-bosqich joriy etish;
byudjetdan moliyalashtiriladigan sport obyektlari va inshootlari faoliyatini davlat-xususiy sheriklik asosida yoʻlga qoʻyish va xususiy sektor ishtirokida sportchilarni tayyorlash tizimini takomillashtirish.
9. Belgilansinki:
a) tegishincha Sportni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi Yoshlar siyosati va sport vazirligi hamda uning tizimidagi byudjet tashkilotlari huzurida, Yoshlarga oid davlat siyosatini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi Yoshlar ishlari agentligi va uning hududiy boʻlinmalari, shuningdek, Yoshlar muammolarini oʻrganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti huzurida mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanishning amaldagi tartibini toʻliq saqlab qolgan holda yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan byudjetdan tashqari jamgʻarma sifatida faoliyat yuritadi;
b) 2023-yil 1-iyuldan boshlab har yili Yoshlar siyosati va sport vazirligi hamda uning hududiy boʻlinmalariga Davlat byudjetidan sport sohasini rivojlantirish dasturlari xarajatlari uchun ajratilgan mablagʻlar (saqlash xarajatlari uchun ajratilgan mablagʻlar bundan mustasno) tegishincha vazirlik va hududiy boʻlinmalarning byudjetdan tashqari Sportni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda – Jamgʻarma)ga oʻtkazib boriladi hamda xarajatlarni moliyalashtirish Jamgʻarma orqali belgilangan tartibda tasdiqlangan va roʻyxatdan oʻtkazilgan daromadlar va xarajatlar smetasiga muvofiq amalga oshiriladi.
Bunda, Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish va undan foydalanish tartibi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan belgilanadi;
v) Jamgʻarmaga jismoniy shaxslar tomonidan ajratilgan homiylik va xayriya mablagʻlarining 50 foizigacha boʻlgan qismi mazkur shaxslarni nufuzli xalqaro sport tadbirlariga yuborish uchun yoʻnaltiriladi;
g) homiylik koʻrsatgan jismoniy shaxslar orasidan xorijda tashkil qilinadigan xalqaro sport tadbirlariga yuboriladiganlarni aniqlab olish uchun “ERP Sport” yagona elektron boshqaruv tizimi orqali ular oʻrtasida lotereya oʻyinlarini oʻtkazib borish yoʻlga qoʻyiladi;
d) davlat organlari va tashkilotlari tomonidan yoshlar va sport sohasiga oid barcha tashqi begʻaraz koʻmak loyihalarini amalga oshirishda Yoshlar siyosati va sport vazirligi loyiha hamkori sifatida jalb qilinadi;
e) yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish hamda sport sohasiga bevosita yoki bilvosita taʼsir qiladigan normativ-huquqiy hujjatlarning loyihalari, shuningdek, Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan barpo etiladigan yoshlarga oid infratuzilmalar, sport obyektlari va inshootlarining loyiha hujjatlari Yoshlar siyosati va sport vazirligi bilan majburiy ravishda kelishiladi.
10. Nufuzli xalqaro sport musobaqalarida gʻolib va sovrindor boʻlgan, shuningdek, iqtidorli sportchi yoshlarni ragʻbatlantirish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida:
a) 2023-yil 1-iyuldan boshlab “Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligining stipendiyasi” joriy etilsin. Bunda:
stipendiya toʻlovlari uchun mablagʻlar sportchi lavozimi uchun belgilangan ish haqi, terma jamoalar va ularning zaxirasi, sportchilar energiya sarfini qoplash va jismoniy resurslarini tiklash uchun ajratiladigan maqsadli toʻlovlarni maqbullashtirish hisobidan ajratiladi va uning miqdori mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining 3 (uch) baravari etib belgilanadi;
“Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligining stipendiyasi” tayinlangan sportchilarga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 8-iyundagi “Tadbirkorlik faoliyati va oʻzini oʻzi band qilishni davlat tomonidan tartibga solishni soddalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ–4742-son qarorida belgilangan tartibda oʻzini oʻzi band qilish huquqi beriladi;
b) Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlarida gʻolib va sovrindor boʻlgan sportchilarga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Tibbiyot bosh boshqarmasiga idoraviy mansub boʻlgan tibbiyot muassasalarida belgilangan tartibda umrbod bepul tibbiy xizmatdan foydalanish huquqi berilsin.
11. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Yoshlar siyosati va sport vaziri A.I.Ikramov hamda Yoshlar ishlari agentligi direktori A.Z. Saʼdullayev belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi O.Q.Abduraxmonov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri,
2023-yil 7-aprel