Bugun O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida IT Park Toshkent viloyati filiali va Chirchiq shahar hokimligi bilan hamkorlikda “IT va yoshlar uchrashuvi” mavzusida tadbir tashkil etildi.
Unda Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki direksiyasi (IT Park) Toshkent viloyati filiali direktori S.Pirnazarov, IT Park Toshkent viloyati filiali ta’lim bo‘yicha menejeri A.Zabihullayev, Chirchiq shahar hokimligi vakillari hamda talabalar ishtirok etishdi.
Tadbir davomida IT Park Toshkent viloyati filiali va oliygoh bilan hamkorlikda kelgusida inkubatsiya va akseleratsiya markazini tashkil etish rejalashtirilayotganligi, uning maqsad va vazifalari haqida qimmatli ma’lumotlar berib o‘tildi. Shuningdek, talabalarni IT sohasiga yanada keng jalb qilish maqsadida bugungi kunda IT Park tomonidan yaratilgan imkoniyatlar hamda IT bilim, IT Park rezidentligi, xalqaro IT sertifikatlar, frilanserlik, dasturchilik singari bir qator muhim mavzularda taqdimotlar qilindi.
Yakunda esa talaba-yoshlar ham mutaxassislarga o‘zlarini qiziqtirgan savollari bo‘yicha murojaat qilib, ularga atroflicha javob olishdi.