Bugun O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 31 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan “Vatan himoyasi -muqaddas burch!” mavzusida maʼnaviy-maʼrifiy, badiiy-musiqiy tadbir o‘tkazildi.
Unda universitetning Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori N.Dusanov, taniqli aktyor va bloger Shaxzod Sultanov, bir qator harbiy qism harbiy xizmatchilari, oliygoh fakultet dekanlari va ularning o‘rinbosarlari, kafedra mudirlari, professor-o‘qituvchilar, TTJ tarbiyachi-pedagoglari, tyutorlar hamda talaba-yoshlar ishtirok etishdi.
Tadbirni dastlab prorektor N.Dusanov ochib berdi. O‘z navbatida professor-o‘qituvchilar va harbiy xizmatchilar ham bugungi bayram bilan yig‘ilganlarni tabriklab so‘zga chiqdilar. Shundan so‘ng, tadbirning badiiy qismi boshlandi. Undagi Vatanni madh etuvchi kuy-qo‘shiqlar barchaga bayramona kayfiyat ulashdi!
Bayram tadbiri yakunida esa universitet rahbariyati tomonidan taniqli aktyor Shaxzod Sultanov hamda bir guruh harbiylarga tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari topshirildi.