Bugun poytaxtimizning Toshkent Sity majmuasidagi «Hilton» mehmonxonasida 2021 yilda Toshkent shahrida o‘z faoliyatini boshlagan “Stars internatsional University” oliygohi tomonidan "MODERN TRENDS IN INNOVATIVE DEVELOPMENT of SCIENCE & EDUCATION IN THE GLOBAL World” (“Global dunyoda fan va taʼlimning innovatsion rivojlanishidagi zamonaviy trendlar) nomli anjuman tashkil etildi.
Unda O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining Sportni boshqarish va turizm fakulteti dekani A.Tillyaxodjayev, Sport menejmenti va iqtisodiyot kafedrasi mudiri K.Ziyadullayev hamda professor-o‘qituvchilar ishtirok etishdi.
Anjuman davomida taʼlim sohasida yuzaga kelayotgan muammolar to‘g‘risida so‘z bordi. Shuningdek, “Stars internatsional University” rektori Ozarbayjonlik Baxram Kurbanov so‘zga chiqib, yurtimiz haqida iliq fikrlarni bildiribgina qolmay, universitetimiz vakillari bilan ham tanishdi va oliygohimiz faoliyati unda juda katta qiziqish uyg‘otganini taʼkidladi. Undan tashqari anjuman qiziqarli maʼruzalar, kutilmagan savollarga ham boy bo‘ldi.
Yakunida esa rektor Baxrom Kurbanov o‘z universitetida aynan bizning bitiruvchilarimiz faoliyat yuritayotganini alohida qayd etib, kelgusida, albatta, ikkala oliygoh o‘rtasida hamkorlik shartnomasini imzolash taklifini berdi.