#Eʼtirof
Bugun Toshkent viloyati Nurafshon shahrida Bosh Qomusimizning 30 yilligi bayrami arafasida viloyatimizning iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy, ilmiy, maʼnaviy salohiyatini yuksaltirish, mudofaa qudratini oshirishga munosib hissa qo‘shib kelayotgan bir guruh soha vakillariga bayram munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 8 noyabrdagi Farmoniga binoan “O‘zbekiston Konstitutsiyaning 30 yilligi” esdalik nishonini tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Unda viloyat hokimi Zoyir Mirzayev tomonidan bir qator deputatlar, tadbirkorlar, eksportyorlar, taʼlim, tibbiyot sohasi vakillari, jurnalist, blogerlar hamda mehnat faxriylari mazkur esdalik nishoni bilan taqdirlandilar. Bayram tadbirlarining badiiy qismi esa Olmaliq shahrining “Metallurglar” madaniyat saroyida davom etdi.
Aynan shu yerda viloyat hokimi sport va sanʼatda munosib yutuqlarga erishayotgan isteʼdodli va umidli yoshlarimiz, xususan O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti rektori, professor Boltabayev Maxmudjon Rustamovichga ham ushbu esdalik nishoni topshirildi.
Oliygoh nufuzini hamisha yuksaklarga ko‘tarishdan tolmaydigan, uni har jihatdan eng namunali hamda ilg‘or oliy taʼlim muassasasiga aylantirishdan bir zum bo‘lsada charchamaydigan ustozimizga bugungi mukofotlari muborak bo‘lsin deb qolamiz!
Ustoz sizga bitmas-tuganmas sog‘lik tilaymiz. Doimo shogirdlar hamda talaba-yoshlar ardog‘ida azizu mukarram bo‘lib yuring!