Bugun Jismoniy tarbiya va sport ilmiy tadqiqotlari instituti tomonidan “Zamonaviy jismoniy tarbiya va sport sohasida ilmiy tadqiqotlar: muammolar, yechimlar va istiqbollar” mavzusida Xalqaro ilmiy-amaliy onlayn anjumani o‘tkazildi.
Unda Sportni rivojlantirish vazirligi, boshqarma boshlig‘i, dotsent M.Arziqulov, Jismoniy tarbiya va sport ilmiy tadqiqotlari instituti direktori R.Matkarimov, institut labaratoriya mudiri F.Kerimov, xorijiy davlat professorlari: G.V. Korobeynikov (Germaniya), N.N. Kargin (Rossiya), Chechiniston davlat pedagogika universiteti professori S.B. Elipxanov hamda Jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha mutaxassislarni ilmiy-metodik ta’minlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish Samarqand filiali professori H.Rafiyev, shuningdek, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti dotsenti O.Goncharova, universitet doktorantlari, professor-o‘qituvchilar, mustaqil izlanuvchilar va magistrantlar ishtirok etishdi.
Anjuman avvalida, Jismoniy tarbiya va sport ilmiy tadqiqotlari institutida o‘z ilmiy ishlarini muvaffaqiyatli himoya qilgan bir qator tadqiqotchilarga diplom topshirildi. Shundan so‘ng, axborot texnologiyalari va zamonaviy sport, O‘zbekistonda jismoniy madaniyatning rivojlantirish holati va yechimlari, yuqori malakali sportchilarni psixologik tayyorlash kabi dolzarb mavzularda taqdimotlar qilinib, ushbu sohada olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlarni yanada rivojlantirish, o‘zaro tajriba almashish, xalqaro aloqalarni yo‘lga qo‘yish hamda mustahkamlash, ilmiy va amaliy yutuqlar bilan yaqindan o‘rtoqlashish singari muhim masalalar yuzasidan ham fikr-mulohazalar bildirildi.