Beqiyos imkoniyatlar-u orzu-umidlarga to‘la talabalik davrini o‘tkinchi havaslarga sarf etish kelajakni yo‘q qilish demakdir yohud kasalni davolagandan ko‘ra uning oldini olgan yaxshi!
Bugun O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida yil davomida yoshlar o‘rtasida sodir etilgan jinoyatlar muhokamasi va sodir etilishi mumkin bo‘lgan jinoyatlar oldini olish chora-tadbirlariga qaratilgan profilaktik tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Sportni rivojlantirish vaziri A.Ikramov, vazir maslahatchisi A.Karimov, O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti boshlig‘i o‘rinbosari – huquqbuzarliklar profilaktikasi xizmati boshlig‘i polkovnik B.Berdialiev, universitet rektori, professor M.Boltabayev, prorektorlar, fakultet dekanlari, professor-o‘qituvchilar, tyutorlar hamda talabalar ishtirok etishdi.
Tadbir davomida Sportni rivojlantirish vaziri hamda IIV jamoat xavfsizligi departamenti vakillari tomonidan keyingi vaqtlarda respublikadagi OTMlar talaba-yoshlari orasida sodir etilayotgan jinoyatlar ortib borayotgani, ayniqsa, eng kata ko‘rsatkich sportchi talabalar hissasiga to‘g‘ri kelayotganligi mutlaqo achinarli holat ekanligi alohida qayd etildi va jiddiy tanqid ostiga olindi.
Shuningdek, endilikda bunday salbiy holat va huquqbuzarliklar sodir etilmasdan, ularning oldini olish, jinoyat sodir etishga moyilligi bor talabalar ishtirokida profilaktik tadbirlar tashkil etish, ular bilan induvidal tarzda suhbatlar o‘tkazish kabi muhim chora-tadbirlar yuzasidan ham fikr-mulohazalar bildirildi.
Yakunda esa vazir tomonidan universitet rahbariyati tomonidan o‘rtaga tashlangan masalalar to‘g‘risida bildirilgan fikr va takliflari inobatga olinishi hamda yuqoridagi salbiy holatlar oldini olish bo‘yicha amalga oshirilishi shart bo‘lgan ishlar yuzasidan topshiriqlar berildi.