Bugun O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida Chirchiq shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, shahar favqulodda vaziyatlar xizmatlari hamda Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi huzuridagi Hayot faoliyati xavfsizligi o‘quv markazi bilan hamkorlikda “Fuqaro muhofazasi kuni” tadbiri tashkil etildi.
⏩Tadbir doirasida universitet madaniyat saroyida soha mutaxassislari tomonidan ma’ruzalar o‘tkazildi. Unda talabalarga zilzila sodir bo‘lgan holatda, ayniqsa talabalar turar joylarida to‘g‘ri va xavfsiz harakat qilish qoidalari batafsil tushuntirildi. Shuningdek, favqulodda vaziyatlarda sarosimaga tushmasdan, aniq va tartibli harakat qilish muhimligi alohida ta’kidlandi.
🔶Shuningdek, yong‘in xavfsizligi yo‘nalishida ko‘rgazmali chiqishlar tashkil etilib:
🟢maxsus texnika yordamida yong‘inni bartaraf etish,
🟢birlamchi o‘t o‘chirish vositalari — o‘t o‘chirgichdan to‘g‘ri foydalanish tartibi amaliy jihatdan ko‘rsatib berildi.
🌎Tadbir davomida:
🟢tashqi gidrantlardan samarali foydalanish,
🟢favqulodda vaziyatlarda tezkor va tartibli evakuatsiyani tashkil etish bo‘yicha ham amaliy ko‘nikmalar shakllantirildi.
➡️Mazkur tadbir talabalar va xodimlarning favqulodda vaziyatlarda to‘g‘ri harakat qilish malakalarini rivojlantirish, xavfsizlik madaniyatini oshirish hamda hayot faoliyati xavfsizligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etdi.