2026-yil 17-aprel kuni O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida universitet rektori Rashid Matkarimov hamda Indoneziya Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Siti Ruhaini Juhayatin xonim o‘rtasida rasmiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
👦Mazkur uchrashuv ikki davlat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar, o‘zaro hurmat va manfaatli hamkorlik aloqalarining izchil rivojlanib borayotganining yana bir yorqin ifodasi bo‘ldi. O‘zbekiston va Indoneziya o‘rtasidagi hamkorlik siyosiy, iqtisodiy, madaniy hamda ta’lim sohalarida mustahkamlanib borayotgan bo‘lib, ayniqsa sport yo‘nalishida o‘zaro tajriba almashish uchun keng imkoniyatlar mavjud.
🗣️Uchrashuv davomida bugungi kunda Indoneziyaning milliy sport turi bo‘lgan penchak silat sport turi bilan O‘zbekistonda 10 000 ga yaqin sportchi shug‘ullanayotgani, shuningdek, 200 dan ortiq murabbiy ushbu yo‘nalishda faoliyat olib borayotgani alohida ta’kidlandi. Bu esa penchak silatning yurtimizda tobora ommalashib borayotganini hamda unga davlat darajasida jiddiy e’tibor qaratilayotganini ko‘rsatadi.
📑Tomonlar ushbu sport turining asl vatani hisoblangan Indoneziya bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish zarurligini qayd etib, bu borada qo‘shma loyihalarni amalga oshirish muhimligini ta’kidladi. Xususan, universitetda “penchak silat” yo‘nalishini ochish, ushbu yo‘nalishda yuqori malakali sportchilar va mutaxassislar tayyorlash, ilmiy-tadqiqot ishlarini yo‘lga qo‘yish hamda Indoneziyaning yetakchi sport ta’lim muassasalari bilan akademik almashinuv dasturlarini tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
⏩Shuningdek, uchrashuvda o‘qituvchilar va talabalar almashinuvi, qo‘shma seminar va treninglar tashkil etish, xalqaro musobaqalarda hamkorlikni kuchaytirish hamda sport diplomatiyasi orqali ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlik aloqalarini yanada mustahkamlash yuzasidan fikr almashildi.
🌎Mazkur uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni izchil davom ettirish, mavjud aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish hamda sport sohasida qo‘shma tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanliklarini bildirdilar.