Assalomu alaykum, muhtarama ustoz va murabbiy ayollar!
Muhtarama ayollar, aziz opa-singillar! Sizlarni bahor faslining eng go‘zal ayyomi, nafis bayrami bo‘lmish 8-mart -"Xalqaro xotin-qizlar kuni" munosabati bilan chin qalbimdan muborakbod etaman.
Ayol borki - olam munavvar. Siz ayollar nafosat va nazokatingiz, vafo va sadoqatingiz, go‘zallik va fidoyiligingiz bilan yer yuzini nurafshon etib turasiz.
Barchamizga ma’lumki, yurtimizda xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish, oila mustahkamligini ta’minlash davlat siyosati darajasidadir. Shu bois bugungi kunda har bir ayol e’tibor va ehtiromga loyiq.
Ushbu shukuhli ayyomda hammamiz bizni dunyoga keltirgan, oq sut berib, mehr va tarbiya berib voyaga yetkazgan buyuk ona siymosiga, mo‘tabar ayol zotiga ta’zim qilamiz. Zero, inson qadrini ulug‘lash avvalo aziz-u mo‘tabar ayollarimizni ulug‘lashdan boshlanadi.
Shu ma’noda, Mir Alisher Navoiy bobomizning, jannat bog‘idan bahramandlik istasang, avvalo, munis onangni rozi aylagin, degan so‘zlarini ezgu da’vat sifatida qabul qilamiz.
Biz hayotimizning ma’no-mazmuni, butun borlig‘imizni siz, qadrli opa-singillarimizdan ayri holda tasavvur etolmaymiz. Sizlar biz uchun hamisha go‘zallik va nazokat, mehr va sadoqat, qanoat va shukronalik timsoli bo‘lib kelgansiz va doimo shunday bo‘lib qolasiz. Mana shunday olijanob fazilatlaringiz bilan bizlarga hamma vaqt kuch-g‘ayrat, hayotga, kelajakka ishonch bag‘ishlab kelayotganingiz uchun siz, azizlarga har qancha tahsin va tasannolar aytsak, arziydi.
Muhtaram Prezidentimiz tomonidan ayollarning ilmiy va madaniy saviyasini yuksaltirish, ularni munosib ish-o‘rinlari bilan ta’minlash maqsadida
ko‘plab shart-sharoitlar va imkoniyatlar amalga oshirib kelinmoqda.
Mamlakatimiz sportida xotin-qizlarning tutgan o‘rni beqiyos. Zero, qit’a va jahon chempionatlari, Osiyo va Olimpiya o‘yinlarida sportchi qizlarimiz hamisha munosib ishtirok etib kelishmoqda. Ishonamizki, kelajakda bu ko‘rsatkich yanada ortib, sportchi qizlarimiz Olimp shohsupasida Vatanimiz bayrog‘ini ko‘klarga ko‘tarishadi.
Qadrli opa-singillar!
Universitetimiz rivojida xotin-qizlarimiz ham beqiyos hissa qo‘shayotganini albatta yuksak qadrlaymiz.
Shu borada faqat ayrim raqamlarni keltirib o‘tishga ruxsat bergaysiz.
Hozirgi vaqtda Universitetda fidokorona mehnat qilayotgan hurmatli ayollarimiz 141 nafarni, tahsil olayotgan talaba qizlarimiz esa 1657 nafarni tashkil etmoqda.
Sizlarga, sizlarning timsollaringizda yurtimizdagi barcha ayollarga sihat-salomatlik, oilaviy baxt, xonadonlaringizga fayz-u baraka tilayman.
Qutlug‘ bayramingiz muborak bo‘lsin!