O‘zDJTSUda Yaponiya terma jamoasi vakillari uchun kurash bo‘yicha mahorat kursi boshlandi
Bugun, 9-avgust kuni O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida Yaponiya terma jamoasi vakillari uchun kurash bo‘yicha bir haftalik mahorat kursining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Sport vaziri o‘rinbosari Shahrillo Mahmudov, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Shukurjon Gaziyev, Xalqaro kurash assotsatsiyasi va Xalqaro kurash instituti rahbariyati, shuningdek, Yaponiya kurash federatsiyasi vakillari, ekspertlar hamda kurashchilar ishtirok etdi.
Tadbir davomida mazkur bir haftalik o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlari yaponiyalik mutaxassislar hamda kurashchilarning tajriba va malakasini oshirishga xizmat qilishi, shu bilan birga, mashg‘ulotlar Xalqaro kurash institutining eng tajribali murabbiylari tomonidan olib borilishi alohida qayd etildi.
Ma’lumot o‘rnida, kurash usullari texnik va hakamlik qoidalar bo‘yicha intensiv mashg‘ulotlar va baholash mezonlari bo‘yicha nazariy va amaliy bilimlarni oshirishni o‘z ichiga olgan ushbu mahorat kursi joriy yilning 14-avgust sanasiga qadar davom etadi.