Soʻnggi yillarda oliy taʼlim tizimida taʼlim sifatini oshirishga qaratilayotgan islohotlar oʻz samarasini berib kelmoqda. Bu jarayonda davlat tomonidan taʼlim sohasiga berilgan eʼtibor, xususan, davlat grantlarini taqsimlashdagi zamonaviy yondoshuvlarning joriy etilishi muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ayniqsa, Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 10-martda qabul qilingan 149-sonli qarori oliy taʼlim tizimini yanada takomillashtirish, grantlarni adolatli va samarali taqsimlash hamda yoshlarga teng imkoniyatlar yaratishda muhim huquqiy asos boʻlib xizmat qiladi. Mazkur qaror doirasida iqtidorli talabalarni aniqlash, ularni ragʻbatlantirish, talabalar oʻrtasida raqobat muhitini yaratish mexanizmi takomillashtirilib, yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash jarayoni yanada rivojlantirilmoqda.
Qarorga koʻra, oliygohlarda davlat granti kvotalarini tabaqalashtirilgan tarzda qayta taqsimlash amaliyoti joriy etildi. Endilikda ikkinchi va undan yuqori kurslarda tahsil olayotgan, oʻzlashtirish koʻrsatkichi yuqori boʻlgan ijtimoiy faol talabalarga taʼlim granti toʻliq va toʻliq boʻlmagan shakllarda taqdim etiladi.
Shuningdek, mazkur hujjatga koʻra, Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan belgilangan ayrim toifadagi talabalarga qoʻshimcha imkoniyatlar yaratildi. Ushbu toifadagi talabalar oʻzlashtirish koʻrsatkichiga qarab ikki turdagi grantdan foydalanishi mumkin. Birinchi turdagi grant orqali ularning kontrakt toʻlovi Davlat byudjetidan toʻliq qoplanadi, ikkinchi turdagi grantda esa moliyaviy mustaqil oliygohlarning mablagʻlari hisobidan kontrakt summasining maʼlum bir qismi qoplab beriladi.
Bundan tashqari, ushbu toifadagi abituriyentlar uchun davlat granti kvotasidan tashqari 10 foizgacha qoʻshimcha grantlar ajratiladi. Davlat grantiga oʻtish balining 80 foizidan yuqori natija koʻrsatgan abituriyentlar ushbu grantlar orqali oʻqishga kirish imkoniyatiga ega boʻladi.
Talabalar uchun yana bir muhim yangilik – oʻzlashtirish koʻrsatkichi 3,5 va undan yuqori boʻlgan ayrim toifadagi talabalarga keyingi oʻquv yili uchun foizsiz taʼlim krediti ajratiladi. Bu imkoniyat orqali yoshlarimiz taʼlim olish jarayonida moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelmaydi.
Grantlarni taqdim etish jarayoni shaffoflik va xolislik tamoyillariga asoslanadi. Barcha talabgorlar universitetning rasmiy veb-sayti orqali onlayn tarzda ariza topshirishi mumkin. Grantlarga talabgorlar universitet huzurida tashkil etiladigan maxsus komissiyalar tomonidan baholanib, natijalar yangi oʻquv yili boshlanishidan oldin eʼlon qilinadi.
Ushbu tartibni qo’llash 2024/2025-o’quv yilida talaba bo’lganlardan boshlanadi. Boshqacha aytganda, hozirgi 1-kurslarga taalluqli. Ya’ni hozirgi 1-kurslar uchun yoz oyida grant o’rinlari qayta taqsimlanadi. Hozirda ikkinchi va undan yuqori kursda o’qiyotgan talabalarda hech narsa o’zgarmaydi. Ya’ni hozir 2-kursda grantda o’qiyotgan talaba toki tugatgungacha grantda qoladi, o’zlashtirish ko’rsatkichidan qat’i nazar.
Ushbu tartib magistrlarga ham taalluqli. Ya’ni 1-kursda o’qiyotgan magistrlarning grantlari yozda qayta taqsimlanadi. Bunda, quyidagilarni inobatga olish zarur:
1) o’zlashtirish ko’rsatkichidan qat’i nazar, magistraturada tahsil olayotgan qizlar uchun davlat byudjetidan kontraktlarini to’lab berish davom etadi;
2) to’liq davlat grantidan iborat mutaxassisliklar uchun ushbu tartib qo’llanmaydi.
3) o’qish muddati 1 yilni tashkil qiluvchi mutaxassisliklarda ham ushbu tartib qo’llanmaydi.
Imtiyoz asosida davlat grantiga kirgan talabalarga ushbu tartib qo’llanmaydi, ya’ni ularga grant 4 yil muddatga beriladi. Bunda o’zlashtirish ko’rsatkichi ahamiyatga ega emas. Imtiyoz deganda, masalan, xalqaro olimpiada g’oliblari, turli davlat mukofoti sohiblari, organ xodimlarining farzandlari, nogironligi bor abituriyentlar, tavsiyanoma olgan xotin-qizlar va boshqalar nazarda tutilmoqda.
Maqsadli qabulga kirganlar uchun ham, o’zlashtirish ko’rsatkichidan qat’i nazar, davlat granti 4 yilga beriladi. Yangi tartib ularga qo’llanmaydi.
Bir marta davlat grantidan mahrum bo’lgan talaba keyingi o’quv yilida yana grantga talabgor bo’la oladi. Grant o’rinlari uchun tanlov har yili iyul-avgust oylarida yangidan o’tkaziladi. Bunda o’tgan yilgi tanlov natijalari hisobga olinmaydi. Barchasi yangidan boshlanadi. Joriy o’quv yili davomida GPA ko’rsatkichi 3,5 dan baland bo’lgan barcha talabalar grantga da’vo qila oladi.
Bu islohotlar yurtimizda yoshlarning oliy taʼlim olish imkoniyatlarini kengaytirish, tenglikni taʼminlash va kelajak avlodning bilimli va malakali kadrlar boʻlib yetishishiga xizmat qiladi.
➡️ Hujjatning elektron shaklini yuklash (.pdf) ⬅️
➡️ Lex.uz orqali hujjat to'g'risidagi ma'lumotlar bilan batafsil tanishish