Mamlakatimizda oliy ta’lim muassasalarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni mustahkamlash, ilg‘or tajribalardan samarali foydalanish orqali fan, ta’lim, ishlab chiqarish integratsiyasini yo‘lga qo‘yish, oliy ta’limdagi kutish tizimini ilmiy tadqiqotlarga uyg‘unlashtirishga alohida e’tibor qaratiladi.
Prezidentimiz raisligida 20 iyun kuni muhandislik sohalarida kadrlar tayyorlash va oliy ta’lim muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish masalalari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ham shu masalalar muhokama etildi.
Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, bugungi kunda oliy ta’lim muassasalari amaliyotdan ancha uzilib qolgan, yangi texnologiyalardan to‘liq xabardor emas, ishlab chiqarish amaliyotidagi uskuna va dastgohlardan foydalanish ko‘nikmasi shakllantirilmagan. Muhandislik yo‘nalishidagi oliygohlarning ilmiy tadqiqotlari, rejalashtirgan ilmiy loyiha va innovatsion dasturlari amalga oshmay ora yo‘lda qolib ketyapti, texnika va muhandislik yo‘nalishida dars berayotgan o‘qituvchilarning o‘quv yuklamasi me’yoridagi normadan ancha ortiqchaligi Prezidentimiz tomonidan alohida ko‘rsatib o‘tildi.
Toshkent davlat texnika universiteti, Toshkent kimyo-texnologiyalar instituti kabi yurtimizdagi jami 36 ta oliygohlarning o‘qitish, ilmiy-tadqiqot, ishlab chiqarish amaliyoti bilan bog‘liq jarayonlar tubdan o‘zgartirilib dunyoning rivojlangan Germaniya, Yaponiya, Xitoy, Rossiya, Italiya, Turkiya, Janubiy Koreya, Malayziya kabi mamlakatlar ta’lim tizimidagi ilg‘or innovatsion g‘oya va yondoshuvlar ijodiy tahlil etilgan holda amaliyotga tatbiq etilishi alohida ko‘rsatildi. Bundan keyingi o‘quv yillarida muhandislik oliygohlarida quyidagi o‘zgarishlar bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.
Birinchidan mavjud 36 ta muhandislik oliy ta’lim muassasalari va ularning filiallari muayyan izchillik asosida 20 taga tushiriladi va har bir xududda kamida bittadan texnika universitetlari tashkil etiladi.
Ikkinchidan hamkorlik dasturi asosida korxonalarda muhandislik oliy ta’lim muassasalarining kafedralari tashkil etilib, dual ta’lim tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Bu xalqaro tajribani o‘zlashtirish bilan birga talabalarning ta’limini to‘liq amaliyotga bog‘lash va ularni ish bilan ta’minlash imkonini beradi.
Uchinchidan tarmoq vazirlik va korxonalar oliy ta’lim muassasalari bilan ilmiy tadqiqotning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab malakali bitiruvchilarga tayyor buyurtmachi bo‘la oladi. Muhandislik ta’lim muassasalarida oliy ta’lim muassasalarining 10 tasida ikki yillik amaliy magistratura dasturlari asosida faoliyat yuritadigan “Oliy muhandislik maktablari” tashkil etiladi.
Ta’limning birinchi yilida talabalar korxonalar buyurtmasi asosida yangi mahsulotlarni loyihalashtirib, ilmiy-tadqiqot olib boradi, ikkinchi yilda esa yangi mahsulotlar bo‘yicha namunalar yaratish bilan bog‘liq texnologik jarayonlarni korxonalarda tajribadan o‘tkazadi. Eng muhimi korxona salohiyatli, layoqatli va muayyan ko‘nikmaga ega bo‘lgan kadrlarni saralab olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Yig‘ilishda yana bir masala o‘rtaga qo‘yildi. Bugun oliy ta’lim muassasalarida talabalarga xizmat ko‘rsatayotgan dekanatlar faoliyatiga chek qo‘yilib uni o‘rniga yangi tizim “Registrator ofisi”ni amalda qo‘llash taklif etildi. Aslida bu tizim O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida 2024 yil yanvar oyidan joriy etildi. Xo‘sh, bu qanday natija berdi?
Birinchidan, boshqaruv tizimidagi buyruqbozlik, qog‘ozbozlik va ortiqcha ovoragarchilikka barham berildi. Ikkinchidan, dekanat tizimida “bolalab ketgan” poraxo‘rlik, manfaatlar to‘qnashuviga chek qo‘yildi. Uchinchidan, barcha hujjatlar elektron shaklga o‘tkazilib muammo va kamchiliklar tez fursatda bartaraf etilmoqda. To‘rtinchidan, talabalarning darsda ishtirok etishi, fanlarni o‘zlashtirishi va davomati HEMIS dasturi asosida nazorat qilinmoqda.
Mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportning ommaviyligini ta’minlash, aholining barcha qatlami orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, shakllantirish, malakali murabbiy va sportchi yoshlarni tayyorlashdek zalvorli maqsadlarni zimmasiga olgan O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti sohadagi ilmiy tadqiqot ishlarini amalga oshiruvchi tayanch ta’lim muassasasi hisoblanadi. Jismoniy tarbiya va sport sohasidagi yetakchi oliy ta’lim muassasalari va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash, jismoniy tarbiya va sport sohasida reytingi yuqori bo‘lgan oliy ta’lim muassasalarini aniqlash hamda ular bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish, malakali kadrlar tayyorlash, ta’lim jarayonini xalqaro standartlarga moslashtirish, boshqaruv tizimini raqamlashtirish, pedagogik va ilmiy salohiyatni yanada oshirish hamda ilmiy-tadqiqot ishlari sifatini tubdan yaxshilash, ilg‘or xorijiy sport-ta’lim texnologiyalarining transferini amalga oshirish orqali yuqori natijalarga erishish borasida universitet oldida ham bir qator vazifalar belgilangan.
Jumladan, universitetda “Sport muhandisligi” mutaxassisligi bo‘yicha qo‘shma ta’lim dasturi asosida magistrlarni tayyorlash masalasi Prezidentimizning 2022 yil 3 noyabrdagi “Jismoniy tarbiya va sport sohasida kadrlarni tayyorlash hamda ilmiy tadqiqotlar tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarorida alohida ko‘rsatilgan edi. Unga muvofiq Belorus milliy texnika universiteti bilan hamkorlik shartnomasi imzolandi. O‘zaro shartnomaga muvofiq, 2022-2025 yillarda sport muhandisligi bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlash borasida “1+1” dasturida talabalarni tayyorlash, mazkur soha bo‘yicha o‘quv, o‘quv-uslubiy darslik, o‘quv qo‘llanma va metodik tavsiyalar ishlab chiqish, professor-o‘qituvchilarning malakasini oshirish, stajirovkaga yuborish, talabalarni o‘zaro o‘quv jarayonlarini tashkil etish borasida dastlabki qadamlar qo‘yildi.
Albatta bugungi zamon talablariga javob beradigan, xorijiy tajribalarni o‘zlashtira oladigan, kreativ fikrlaydigan yosh mutaxassislarni tayyorlash borasida amalga oshiriladigan vazifalarimiz ko‘p. Prezidentimiz tomonidan yig‘ilishda o‘rtaga qo‘yilgan vazifalarni birgalikda hal etish eng avvalo jipslikda, hamjihatlikda qunt bilan ishlashni talab etadi.
Jasur Zarifboyev,
O‘zDJTSU xalqaro hamkorlik
bo‘yicha prorektor,
Nodir G‘afforov,
O‘zbek va chet tillari kafedrasi mudiri
filologiya fanlari doktori