Bugun mamlakatimizda barcha sohalar qatori jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, keng aholi qatlami orasida sportning ommaviyligini oshirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, salohiyatli, o‘z kuchiga ishongan iqtidorli yoshlarni tarbiyalash, ularga munosib shart-sharoit yaratish masalasiga ustuvor ahamiyat qaratilayotgani va bu borada yetarlicha mablag‘lar ajratilayotgani ayni haqiqat.
Yurtimizda “millionlar o‘yini” ishqibozlari va futbol bilan bevosita shug‘ullanuvchi yoshlar safi kengayib bormoqda. Shundan kelib chiqib, mamlakatimizda futbol sport turini yanada rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Mazkur eʼtibor samarasi o‘laroq yoshlarimiz qitʼa chempionatida bir necha zafar quchib, sovrinli o‘rinlarni egalladi.
Mamlakatimizda futbolning ommaviyligini yanada oshirish, istiqbolli va iqtidorli futbolchilarni tanlash hamda professional darajada tayyorlashning yangi tizimini yo‘lga qo‘yish, trener va hakamlarni xalqaro talablar asosida tayyorlash va mahoratini yuksaltirish, futbol infratuzilmasini yaxshilash hamda o‘rnatilgan standartlarga moslashtirish maqsadida joriy yil 7 aprel kuni davlatimiz rahbarining “Ommaviy va professional futbolni har tomonlama rivojlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Unda futbolni yanada ommalashtirish va rivojlantirishning muhim yo‘nalishlari belgilab berildi. Xususan, yoshlarning futbolga qiziqishini oshirish, bu boradagi targ‘ibot ishlarini yanada kuchaytirish, ularning futbol bilan shug‘ullanishi uchun yetarli shart-sharoitlarni yaratish, ayollar o‘rtasida futbolni rivojlantirish, bu borada uzoq yillarga mo‘ljallangan istiqbolli reja va dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirish, jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslarning futbol bilan shug‘ullanishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish hamda ular o‘rtasida muntazam musobaqalar tashkil etish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshiriladi.
Shu bilan birga, terma jamoalar va professional futbol klublari uchun sifatli sport zaxirasini yaratish, iqtidorli futbolchilarni aniqlash, tanlash va saralash (seleksiya)ning raqamlashtirilgan tizimini joriy qilish, futbol infratuzilmasini moddiy-texnik jihatdan yanada yaxshilash hamda xalqaro talablarga moslashtirish, futbol bo‘yicha malakali trenerlar, hakamlar va mutaxassislarni tayyorlash, ularning malakasini oshirish va qayta tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish, o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar ishlab chiqish ham asosiy vazifalardan.
Yana bir muhim jihat, har yili sentabr-may oylarida oliy taʼlim muassasalarida O‘zbekiston talabalar sporti assotsiatsiyasi mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan “Talabalar ligasi” dasturi doirasida uch bosqichli respublika futbol musobaqalari o‘tkaziladi. Bu esa talaba-yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va ularning futbolga qiziqishlarini oshirishga xizmat qiladi.
Qarorda professional va ommaviy futbolni qo‘llab-quvvatlashga ahamiyat qaratilgan. Mamlakatimizdagi taʼlim muassasalarida futbol musobaqalarini muntazam ravishda tashkil etish, shu orqali taʼlim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash ko‘zda tutilgan. Shahar va tumanlarda kamida bittadan havaskor futbol jamoalari tuzilishi va muntazam ravishda musobaqalarda ishtirok etishi mamlakatimiz aholisini ommaviy sportga – futbolga qamrab olish borasida tashlangan katta qadam bo‘ldi.
Xususiy futbol tashkilotlari O‘zbekiston Futbol assotsiatsiyasiga aʼzo bo‘lishini yo‘lgan qo‘yish ularda shug‘ullanayotgan yoshlarni nazorat qilish va mamlakatimiz futboliga zaxira yaratishga imkon yaratadi. Shug‘ullanuvchilar natijalarini raqamlashtirish turli yoshdagi terma jamoalarimiz uchun yetuk futbolchilarni tayyorlash tizimini osonlashtiradi.
Davlat oliy taʼlim muassasalarida futbol seksiyalarini muntazam yo‘lga qo‘yish va ularning futbol bilan shug‘ullanishiga yaratilgan sharoitlarga qarab reytingi baholanishi avvalgidek faqat darsdan tashqari mashg‘ulotlar (fakulʼtativ) uchun emas, tashkilot rahbarlari uchun ham dolzarbligini oshiradi.
So‘nggi 5 yilda futbol sport turi bo‘yicha chiqarilgan farmon va qarorlar ijrosini taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlar doirasida O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida futbolchilarni tayyorlashga oid 20 ga yaqin dissertatsiya himoya qilindi. Ushbu ilmiy ishlar natijalari amaliyotga tatbiq qilinib, bugungi kunda amaldagi futbolchilarni tayyorlash metodikasi ushbu mezonlar asosida qo‘llanilmoqda.
Biroq hali futbol sohasidagi qator muammolarning mavjudligi va uni barataraf etishga oid chora-tadbirlarning to‘liq mazmuni yangi qarorda alohida ko‘rsatildi. Jumladan “Futbol tahlilchisi”, “Futbol seleksioneri”, “Futbol menejeri”, “Futbol marketologi”, “Futbol shifokori”, “Futbol psixologi”, “Sport farmakologi”, “Sport diyetologi” kabi mutaxasislarni tayyorlash jarayonini tashkil etishga oid ilmiy-uslubiy adabiyotlarni tayyorlash va nashr ettirish vazifasi ustuvor hisoblanadi.
Milliy va xorijiy mutaxassislarni universitetga jalb qilish va ular ishtirokida seminar va maʼruzalarni tashkil etish orqali bo‘lajak mutaxassislarning bilim va ko‘nikmalarini yanada takomillashtirib borish ham mazkur qarorning mazmuniga singdirilgan. Bundan tashqari, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti Futbol fakulteti va Futbol nazariyasi va uslubiyati kafedrasi boshchiligida futboli rivojlangan yetakchi mamlakatlarning ilg‘or tajribalarini o‘rganish va o‘zaro tajriba almashish maqsadida ilmiy konferensiyalar tashkil etish lozim bo‘ladi.
Bunda xorijiy olimlar ko‘lamini kengaytirishga eʼtibor bergan holda futbolchilarni tayyorlash metodologiyasining asosiy yo‘nalishini yorituvchi yo‘nalishlarni belgilash muhim. Bu jarayonning muhimligi shundaki, qarorning eng asosiy vazifalaridan biri, yaʼni futbolchilarni tayyorlash modelini ishlab chiqish jarayonini tashkil etishda katta samara beradi. Mazkur vazifalarni amalga oshirishdagi yana bir muhim yo‘nalish bu – ilmiy tajribalar o‘tkazish imkoniyatlarini oshirish asosida ilmiy dissertatsion ishlar hajmini oshirish.
Maktablarda futbol to‘garaklar faoliyatini olib borish va futbolni rivojlanishi uchun amaliyot davomida musobaqalar o‘tkazish va iqtidorli o‘quvchilarni tanlab olib jamoalarga biriktirish ishlari olib borilmoqda.
Aynan bizning universitetda ham futbolni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. 2022 yilda Futbol fakulteti talabalari oliy taʼlim muassasalari o‘rtasida o‘tkazilgan “Student cup” musobaqasida ishtirok etib musobaqa g‘olibi bo‘ldi. 2022 yilda oliy taʼlim muassasalari o‘rtasida mini-futbol sport turi bo‘yicha “VAZIR KUBOGI” musobaqalari o‘tkazildi musobaqalar yakuniga ko‘ra O‘zDJTSU talabalari musobaqaning g‘olibi bo‘ldi.
Bugungi kunda universitetda professor-o‘qituvchilar va ishchi hodimlar o‘rtasida “Universitet futbol ligasi” musoboqasi tashkil qilingan, har yili o‘tkazilib kelinmoqda. 2023 yil avgust oyida Rossiya davlatida Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasida jismoniy tarbiya va sport oliy taʼlim muassasalari talabalari o‘rtasida xalqaro musobaqa rejalashtirilgan.
Shavkat OBIDOV,
O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti
Futbol nazariyasi va uslubiyati kafedrasi mudiri, dotsent
O‘zA