O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti rektori M.Boltabayev ishtirokida oliygohning 1-sonli talabalar turar joyida yashaydigan talabalar bilan davra suhbati tashkil etildi.
Tadbirda universitetning Moliya-iqtisod ishlari bo‘yicha prorektori I.Ibragimov, fakultet dekanlari va ularning Yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlari bo‘yicha o‘rinbosarlari, Yoshlar ittifoqi yetakchisi X.Tursunov, tyutorlar hamda TTJlarining tarbiyachi-pedagoglari ishtirok etishdi.
Uchrashuv davomida kun tartibiga qo‘yilgan bir qancha masalalar ko‘rib chiqildi. Jumladan, talaba-yoshlar uchun yana-da qulay sharoitlar yaratish maqsadida ayrim xizmatlar, xususan, kutubxona ish vaqtini uzaytirish, turli ko‘ngilochar tadbirlarni o‘tkazish, ularning eng so‘nggi axborotlardan xabardor bo‘lishlik darajasini oshirish maqsadida TTJlarni tezkor internet tarmog‘i bilan taʼminlash kabi muhim fikr-mulohaza va takliflar o‘rtaga tashlandi.
Shu bilan birga, rektor yaratilayotgan sharoitlarga mos tarzda talabalarning ham o‘z majburiyatlarini unutmasligi, turar joy va shartnoma to‘lovlarini belgilangan muddatda bajarishlari, taʼlim muassasasida o‘rnatilgan barcha tartib-qoidalarga doimiy ravishda rioya etishlarini alohida qayd etdi.
Yakunda esa talabalar universitet rahbariga o‘zlarini qiziqtirgan boshqa masalalar yuzasidan ham savollar yo‘llab, ularga atroflicha javob olishdi.