Joriy yilning 8-9 oktabr kunlari Samarqand eshkak eshish kanalida O‘zbekiston tarixida birinchi marta triatlon bo‘yicha «2022 Asian Triathlon Cup Samarkand» xalqaro turniri hamda O‘zbekiston chempionati bo‘lib o‘tdi.
Unda 30 davlatdan kelgan 70 nafar professional sportchi triatlonning klassik yo‘nalishi - ochiq havzada 1,5 kilometrga suzish, 40 kilometrga velopoyga, 10 kilometrga yugurish bahslarida ishtirok etishdi. O‘zbekiston chempionatida esa 160 nafar havaskor hamda professional sportchilar qatnashdi.
O‘zbekiston chempionati doirasida erkaklar o‘rtasidagi bahslarda Qishki va murakkab-texnik sport turlari fakulteti 3-kurs talabasi Arslon Tursunov ikkinchi o‘rinni, 2-kurs talabasi Ikromxon Umarov 3-o‘rinni egalladi.
Musobaqani yuqori saviyada tashkil etishda O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti Qishki va murakkab-texnik sport turlari fakulteti professor-o‘qituvchilari hamda talabalari faol bo‘lishdi.