Bugun O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida Paralimpiya hamda Sportni boshqarish va turizm fakultetlari hamkorligida “Jaholatga qarshi ma’rifat” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Unda Xalqaro Islom akademiyasi faxriy doktori A.Abduazimov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning Chirchiq shahar bosh mutaxassisi V.Hamidov, universitet Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori N.Dusanov, Paralimpiya fakulteti dekani O.Dadaboyev, professor-o‘qituvchilar, tyutorlar hamda talabalar ishtirok etishdi.
Suhbat davomida mutaxassislar tomonidan talabalarning atrofimizda sodir bo‘layotgan voqea-hodisalardan ogoh bo‘lishlari, asl Islom dining mohiyati nimada ekanligi, turli soxta da’vatlar oqimiga tushmaslik, belgilangan tartib-qoidalar, odob-axloq normalariga amal qilishlari, shuningdek, davlat rahbarining yoshlar uchun yaratib berayotgan ulkan imkoniyatlaridan oqilona foydalanib, unga munosib javob qaytarishni har kim o‘z oldiga maqsad qilib qo‘yishi zarurligi kabi dolzarb masalalar yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.
Yakunda esa talabalar mutaxassislarga o‘zlarini qiziqtirgan savollari bilan murojaat qilib, ularga atroflicha javob olishdi va Xalqaro Islom akademiyasi faxriy doktori A.Abduazimovga universitet rahbariyati tomonidan o‘zaro hamkorlik uchun minnatdorchilik bildirish maqsadida “Tashakkurnoma” topshirildi.