O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 6 iyuldagi «Korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda bo‘lish muhitini yaratish, davlat va jamiyat boshqaruvida korrupsiyaviy omillarni keskin kamaytirish va bunda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni doirasida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi keskin kurashish hamda ilg‘or xalqaro standartlarga asoslangan tizim yaratish yo‘lida ulkan qadamlar tashlandi.
Qaysi davlat korrupsiyadan xoli bo‘lmas ekan, u tanazzulga yuz tutishi muqarrar. Ayniqsa, bu taʼlim tizimiga taalluqli bo‘lsa. Tan olaylik, ushbu tizim yaqin yillargacha korrupsiya botqog‘ida edi: maktabgacha taʼlim muassasasidan tortib oliy taʼlimgacha. Albatta, korrupsiya halqasini uzib tashlash, unga qarshi kurashishning o‘zi bo‘layotgani yo‘q. Hamma birday harakat qilmog‘i darkor.
Bugungi kunda davlat organlari, tashkilotlar faoliyatida ochiqlik, oshkoralikni taʼminlash, mansabdor shaxslarning hisobdorligini yo‘lga qo‘yish orqali samarali va taʼsirchan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun zarur sharoit yaratildi. Shuningdek, ilk bor korrupsiyaviy xavflarni aniqlash va tizimli tahlil qilish, ularni keltirib chiqaruvchi omillarni bartaraf etish uchun masʼul alohida organ – Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etildi. Davlat hokimiyati organlari va yirik xo‘jalik yurituvchi subyektlarda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda. Mamlakatimiz oliy taʼlim muassasalarida ham «Korrupsiyaga qarshi kurashish «Komplayens-nazorat» tizimini boshqarish» bo‘limlari ish boshlagani ham diqqatga sazovor.
Taʼlim tizimiga kelsak, bugungi kunda oliy va o‘rta maxsus taʼlim vazirligi tasarrufidagi taʼlim muassasalarida korrupsiyaga qarshi keskin kurashilmoqda. O‘qishga qabul qilish, o‘qishni ko‘chirish masalalarida korrupsiyaviy harakatlarga deyarli imkon qolmadi. Bu bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni ko‘rishimiz mumkin:
- o‘qishga topshirish jarayoni to‘liq onlayn qilindi, yaʼni barcha jarayon Davlat test markazi tomonidan amalga oshirilmoqda. DTM test sinovlarini maxsus joylarda o‘tkazmoqda. Kasbiy (ijodiy) imtihonlarning keng jamoatchilik: xalq deputatlari mahalliy Kengashlari deputatlari, mahalla, nuroniy vakillari, ota-onalar hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari ishtirokida o‘tkazilishi, barcha jarayon kuzatuv kameralari orqali maxsus ekranlarda va “YouTube” videoxostingida to‘g‘ridan-to‘g‘ri namoyish qilinayotgani korrupsiya bilan bog‘liq savollarga hojat ham qoldirmayapti;
- barcha oliy taʼlim muassasalarida muayyan fandan dars o‘tgan professor-o‘qituvchilar sessiya payti o‘sha fandan bo‘ladigan imtihonlarda qatnashmaydi.
O‘qishni ko‘chirish bugungi kunda to‘liq tartibga solingan. Talabalar kerakli hujjatlarni vazirlikka onlayn topshiradi. Ushbu arizalar Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqilib, qaror qabul qilinadi. Prezidentimizning 2022 yil 15 iyundagi «Davlat oliy taʼlim muassasalariga o‘qishga qabul qilish jarayonlarini tashkil etish to‘g‘risida»gi qaroriga ko‘ra, bir davlat OTMdan boshqasiga o‘qishni ko‘chirishga quyidagi ikki holatda ruxsat beriladi:
1) talaba oila qursa va turmush o‘rtog‘i doimiy yashaydigan hududdagi OTMga o‘qishini ko‘chirmoqchi bo‘lsa;
2) davlat xizmatchisi ish yuzasidan boshqa hududga ko‘chsa va turmush o‘rtog‘i yoki voyaga yetmagan farzandining o‘qishini o‘sha hududga ko‘chirmoqchi bo‘lsa (ishga kirgan vazirlik xati asosida).
Boshqa holatlarda ichki ko‘chirishga ruxsat yo‘q. Boshqa hududga ham, o‘z hududidagi boshqa OTMga ham. Xorijdan o‘qishni ko‘chirishga quyidagi holatlarda ruxsat beriladi:
– mos va turdosh yo‘nalishga test yoki ijodiy imtihon topshiradi hamda o‘tish ballini to‘plash talab etiladi;
– o‘tish ballini to‘play olmasa, bir martalik tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida o‘qishini ko‘chirishga ruxsat beriladi;
– xorijdan mos va turdosh bo‘lmagan yo‘nalishga o‘qishni ko‘chirishga ruxsat berilmaydi. O‘qishni ko‘chirish to‘liqligicha shaffof va korrupsiyadan xoli tarzda o‘tkaziladi.
Magistraturaga qabul taʼlimning bakalavriat bosqichini tugatgan talabalarning o‘qish davomida to‘plagan o‘rtacha balli asosida (imtihonsiz) amalga oshirilmoqda. Faqat bunda chet tilini bilish darajasi bo‘yicha milliy yoki xalqaro sertifikat bo‘lishi zarur. Ilgari taomilda bo‘lgan, kafedra aʼzolari tomonidan olinadigan mutaxassislik imtihonlari bekor qilingani magistraturada ham korrupsiyaviy holatlarga barham berilganini ko‘rsatadi.
Oliy taʼlim tizimida boshlab yuborilgan korrupsiyaning oldini olish va uning har qanday ko‘rinishiga qarshi murosasiz kurashish o‘z samarasini bera boshladi. Bu borada OTM professor-o‘qituvchilariga ko‘rsatilgan g‘amxo‘rlik, yaʼni ish haqining sezilarli oshirilgani ham o‘z taʼsirini ko‘rsatdi. Xususan, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida ham korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning oldini olish, korrupsiogen holatlarni barvaqt aniqlash hamda bartaraf etish maqsadida talabalarning murojaatlarini elektron qabul qilish uchun Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vazirligining @anticoredu rasmiy telegram boti, universitetning @rektorga_takliflar_bot, @REKTORGA_SAVOLIM_BORbot telegram botlari, «Korrupsiyanazorat» telegrami, @ anti_corruption_jtsu_telegram bot ishga tushirildi.
Talaba-yoshlarimizni ilm olishga va halollik bilan o‘z kelajagini qurishga o‘rgatish, shu bilan birga, korrupsiyaga nisbatan murosasizlik ruhini shakllantirish pirovard vazifamizdir. Buning uchun esa korrupsiyaga qarshi kurash bir daqiqa bo‘lsin to‘xtamasligi kerak.
Sohib RISBOYEV
O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining
Korrupsiyaga qarshi kurashish «Komplayens-nazorat»
tizimini boshqarish bo‘limi boshlig‘i