2022/2023-oʻquv yilida Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining Sport faoliyati (faoliyat turlari boʻyicha) bakalavriat taʼlim yoʻnalishi kunduzgi va sirtqi taʼlim shakliga 8065 nafar abituriyent hujjat topshirgan.
Bugun Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetda Sport faoliyatining 39 ta sport taʼlimi yoʻnalishlari boʻyicha kasbiy (ijodiy) imtihonlar boshlandi.
Xabaringiz bor, joriy yildan ilk marotaba Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining Sport faoliyati (faoliyat turlari boʻyicha) bakalavriat taʼlim yoʻnalishi kasbiy (ijodiy) imtihonlarda inson omilining taʼsirini keskin kamaytirish, imtihonlarning shaffof oʻtishini taʼminlash maqsadida raqamlashtirish tizimi joriy etildi.
Mazkur yangi tizim bilan tanishish, qolaversa universitetda ayni paytda kechayotgan qabul jarayonlarini yuqori saviyada tashkil etish maqsadida Sportni rivojlantirish vaziri Adxam Ikramov Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida boʻldi.
Vazir har bir sport taʼlim yoʻnalishi boʻyicha Komissiya raisi va aʼzolari bilan muloqot qilib, bugun zimmamizda turgan muhim vazifalardan biri - kirish imtihonlarining shaffof va adolatli oʻtishini taʼminlash ekanini yana bir bor taʼkidlab, zarur koʻrsatma va tavsiyalar berdi. Shu bilan birga imtihon topshirayotgan sportchi yoshlarga Vatanimizda hech bir iqtidor egasi eʼtibordan chetda qolmasligini, koʻzlangan marralarni zabt etish uchun astoydil mehnat qilish, izlanish va sabr kerakligini aytib, sinovlarda muvaffaqiyat tiladi.
Imtihonlarni shaffof va adolatli oʻtkazish maqsadida imtihon oluvchi mutaxassislar sport tashkilotlari, sport federatsiyalaridan jalb etilganligini alohida qayd etish lozim. Shaffoflik va ochiqlikni taʼminlovchi yana bir muhim qadamlardan biri, Kasbiy ijodiy imtihonlar boʻlib oʻtadigan yoʻnalishlarni onlayn koʻrish imkoniyati yaratildi.
Imtihon jarayonini abituriyentlarning ota-onalari universitet hovlisiga oʻrnatilgan monitorlar orqali kuzatib borishmoqda.
Ijodiy imtihonlar tasdiqlangan jadval asosida 2022-yil 30-iyuldan 8-avgustga qadar boʻlib oʻtadi.
Maʼlumot uchun: 30-iyulda boʻlib oʻtadigan kasbiy (ijodiy) imtihonlarga jami 1243 nafar abituriyent ishtirok etishi rejalashtirilgan boʻlib, shundan, 1026 nafari imtihonlarda ishtirok etdi. Turli sabablarga koʻra 132 nafar abituriyent kasbiy (ijodiy) imtihonlarga yetib kelmagan.