#30_iyun #Yoshlar_kuni #marafon
Bugun erta tongdan mamlakatimizning 8 ta shahrida “Yoshlar kuni” va “Xalqaro olimpiya kuni”ga bag‘ishlangan “Yangi nafas” ommaviy yugurish musobaqasi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur yugurish musobaqasi mamlakatimizda yoshlar tarbiyasiga alohida eʼtibor berish, aholining barcha qatlamlari orasida sog‘lom turmush tarzini yangi formatda keng targ‘ib etish maqsadida tashkil etildi.
Marafonda taniqli davlat va jamoat arboblari, sportimiz yulduzlari, paralimpiya sportchilari, shuningdek respublikamizdagi oliy va o‘rta maxsus taʼlim hamda sport taʼlimi muassasalarining talaba va o‘quvchilari, havaskor yuguruvchilar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi. Yugurish musobaqasining umumiy masofasi 3 kmni tashkil qildi.
Bir vaqtda Farg‘ona, Namangan, Chirchiq, Guliston, Jizzax, Samarqand, Shahrisabz va Toshkent shaharlarining markaziy ko‘chalari bo‘ylab tashkil etilgan sport festivaliga umumiy hisobda 20 ming nafardan ziyod kishi qamrab olindi.
Toshkentdagi musobaqalar “Humo Arena” ko‘p tarmoqli sport majmuasi oldidan start oldi. Tadbirni Sportni rivojlantirish vaziri Adxam Ikramov kirish so‘zi bilan ochib berdi.
Mazkur ommaviy sport tadbirida Sportni rivojlantirish hamda Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vazirliklari, Milliy Olimpiya va Paralimpiya qo‘mitalarining vakillari hamda boshqa korxona-tashkilotlarning xodimlari sog‘lom turmush tarziga o‘rnak bo‘lgan holda 3 km masofani yugurib o‘tishdi.
Taʼkidlash joiz, “Yangi nafas” ommaviy yugurish musobaqasida istalgan kishi ishtirok etishi mumkin. Sport trassasining puxta ravishda tayyorlanishi, shuningdek imkoniyati cheklangan yuguruvchilarning ham xavfsiz ishtiroki uchun barcha sharoitlar yaratildi. Toshkent shahridagi musobaqalarga 5 ming nafarga yaqin ishtirokchi qatnashdi.
“Yangi nafas” ommaviy yugurish musobaqasining Toshkent shahrida o‘tgan bahslarida g‘olib va sovrindor bo‘lgan ishtirokchilar bilan tanishing:
Erkaklar o‘rtasida:
1. Shahram Abdurahmonov (O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti),
2. Javohir Xoliqberdiyev (O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari akademiyasi),
3. Maʼruf Hamroqulov (O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti).
Ayollar o‘rtasida:
1. Angelina Nasibullina (Chilonzor tumani bolalar-o‘smirlar sport maktabi tarbiyalanuvchisi),
2. Ozoda Yondosheva (O‘zbekiston milliy universiteti),
3. Madlatipova Ziyodabonu (Toshkent stomatologiya instituti).
G‘oliblar tashkilotchilar tomonidan qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanishdi.