2026-yil 14-oktabr kuni O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida navbatdan tashqari Kengash yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
🏆Jahon kubogi musobaqasidagi faol ishtirok e’tirof etildi
Yig‘ilish avvalida 8–10-oktabr kunlari Olimpiya shaharchasidagi Suv sporti saroyida suzish bo‘yicha Jahon kubogining ikkinchi bosqichi o‘tkazilishida faol ishtirok etgan Suv sporti, eshkak eshish sport turlari kafedrasi professor-o‘qituvchilari, magistrantlari, talabalari hamda 2025/2026-o‘quv yili bitiruvchilariga universitet rektori tomonidan minnatdorlik bildirildi.
💼“Prezident Olimpiadasi”ga tayyorgarlik masalalari muhokama qilindi
Kengash yig‘ilishida 2026-yil 27-oktabrdan 8-noyabrga qadar maktab o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkaziladigan “Prezident Olimpiadasi” musobaqasining respublika bosqichiga tayyorgarlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
✅Mazkur yirik sport tadbirini yuqori saviyada tashkil etish maqsadida 3–4-bosqich talabalari tashkiliy ishlar, volontyorlik va hakamlik faoliyatiga, magistrantlar hamda doktorantlarni esa ilmiy-tadqiqot ishlariga faol jalb etish belgilandi.
📚Sport hakamligi institutini tashkil etish masalasi ko‘rib chiqildi
Bugungi kunda universitet professor-o‘qituvchilari va tadqiqotchilari respublika, osiyo hamda jahon chempionatlarida hakamlik faoliyatini olib bormoqda. Shu bilan birga, sport hakamlarini tayyorlash tizimini takomillashtirish va ushbu yo‘nalishda malakali mutaxassislar tayyorlash zarurati mavjud.
✅Shu munosabat bilan universitet qoshida Sport hakamligi institutini tashkil etish masalasi muhokama qilindi.
📈Ta’lim jarayonini tashkil etish bo‘yicha topshiriqlar berildi
Shuningdek, “Prezident Olimpiadasi” musobaqasining respublika bosqichi o‘tkaziladigan davrda universitetda ta’lim jarayonini masofaviy shaklda tashkil etish masalasi ko‘rib chiqildi. Ushbu yo‘nalishda mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.
🗣Kengash yig‘ilishida belgilangan vazifalar universitetning ta’lim, ilm-fan va sport sohalaridagi faoliyatini yanada takomillashtirish, shuningdek, mamlakatimizda yirik sport tadbirlarini samarali tashkil etishga qaratildi.