#shaxmat_olimpiadasi
Budapeshtda davom etayotgan 45-Butunjahon shaxmat olimpiadasining ortda qolgan toʻrtta tur oʻyinlari natijasiga koʻra, erkaklar oʻrtasidagi 8 ta jamoa magʻlubiyatsiz, 4 ta jamoa bitta durang va 33 ta milliy terma jamoa 1 ta magʻlubiyat bilan oʻyinlarni davom ettirmoqda.
Afsuski, kutilmaganda shaxmat olimpiadasi chempionligiga asosiy daʼvogar sanalgan Nodirbek Abdusattorov yetakchiligidagi Oʻzbekiston delegatsiyasi yigitlar terma jamoasi 4-turda Vetnam jamoasiga 3:1 hisobida imkoniyatni boy berib qoʻydi. Ayollar oʻrtasidagi musobaqalarda esa vatanimiz sharafini himoya qilayotgan qizlarimiz Bolgariya vakillarini yengishi olimpiadaning oʻziga xos sensatsiyasi sifatida talqin etildi.
Ayniqsa, 15 yoshli Afruza Hamdamovaning bolgariyalik sobiq jahon chempioni Antoaneta Stefanovani magʻlub etishi gʻoliblikni taʼminladi.
Eslatib oʻtamiz, Afruza Oʻzbekistonning eng yorqin yosh isteʼdodi sanaladi. 2023-yili 14 yoshgacha boʻlgan shaxmatchi qizlar oʻrtasidagi jahon chempionatida 1-turni oʻtkazib yuborgan holda 11-turdan iborat bahslarda 10 ochko jamgʻarib chempionlikka erishgandi. Ishonamizki, Hamdamova olimpiadada ham ayni natijani takrorlaydi. Ortda qolgan 4-tur oʻyinlaridan soʻng ayollar jamoalari orasida Oʻzbekiston ayollar jamoasi qatori Xitoy, Hindiston, AQSH, Armaniston, Qozogʻiston, va Moʻgʻuliston vakillari 8 ochko jamgʻarishga muvaffaq boʻlib turibdi. 5 ta jamoa 7, 30 ta jamoa 6 ochko bilan oʻyinlarda ishtirok etmoqda.