Bugun 22-aprel kuni Oʻzbekiston Davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida Xalqaro kurash instituti tomonidan yangi tartibda joriy etilgan Kurash murabbiyligi boʻyicha 3 oylik onlayn kurs amaliy mashgʻulotlarining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.
Unda Oʻzbekiston Respublikasi Sport vaziri oʻrinbosari Shaxrillo Maxmudov, universitet rektori Rashid Matkarimov, Xalqaro kurash assosiatsiyasi, Xalqaro kurash instituti rahbariyati, professor-oʻqituvchilar, kurash mutaxassislari, masʼul xodimlar, 15 ga yaqin xorijiy davlat vakillari xususan, Braziliya, Kongo, Kamerun, Buyuk Britaniya, AQSH, Eron, Hindiston, Indoneziya, Rossiya, Shveysariya hamda qoʻshni davlatlar Tojikiston, Turkmaniston, Qirgʻiziston va Qozogʻistondan 30 nafardan ziyod kurs ishtirokchilari, shuningdek universitet talabalari hamda OAV xodimlari qatnashdilar.
Tadbirni tashkil etishdan koʻzlangan maqsad, davlatimiz rahbarining 2020-yil 4- noyabrdagi “Kurash milliy sport turini rivojlantirish va uning xalqaro nufuzini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida belgilangan kurash boʻyicha xalqaro seminarlar tashkil etish, professional trenerlar, hakamlar va instruktorlarni tayyorlash, malakasini oshirish kabi vazifalar ijrosini taʼminlashdan iborat.
Bugungi kunda jahonda kurash mutaxassislari, murabbiylar va hakamlarga boʻlgan talabning ortib borayotganini inobatga olib, Xalqaro kurash instituti tomonidan Xalqaro kurash assosiatsiyasi, Oʻzbekiston Davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti hamkorligida Kurash murabbiyligi boʻyicha 3 oylik onlayn kurslar tashkil etildi.
Kursning amaliy mashgʻulotlari va tsenziyasi uchun imtihonlar 22-26 aprel kunlari Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining Milliy kurash turlari nazariyasi va uslubiyati kafedrasi zallarida va Toshkent shahridagi “Sagʻbon Kurash majmuasi”da tashkil etilmoqda.
Oʻquv dasturidan: sport tibbiyoti, sport psixologiyasi va fiziologiyasi, kurash tarixi, kurash nazariyasi, kurash falsafasi va etikasi, kurash texnikalarini tasniflash, kurash musobaqalarini tashkil etish qoidalari, kurash usullari, kurash murabbiyligi, kurashda hakamlik qoidalari, kurash mashgʻulotlarining zamonaviy uslublari kabi darsliklar oʻrin olgan.
Ushbu fanlar boʻyicha darslarni sport va kurash sohasidagi yuqori malakali professor-oʻqituvchilar, murabbiylik va hakamlik boʻyicha koʻp yillik tajribaga ega xalqaro ekspertlar: Muhammad Rizo Nassiri, Ravi Kapur, Koroush Xosroyar, Muhammad Vohid Poresfandiyor, Kim Eurjung, Tomas Dunker, Ajmal Isxak Zai, Olim Ravshanov va boshqa mutaxassislar olib borishmoqda.
Barcha oʻquv-darsliklar mazmunan eng yuqori saviyada, kurs ishtirokchilari uchun imkon qadar tushunarli, koʻrgazmali misollar va foydali maʼlumotlarga boy boʻlishiga alohida eʼtibor qaratildi.
Oʻquv dasturi puxta tuzilib, intensiv tarzda olib borilmoqda. Institut ekspertlari, professor-oʻqituvchilari tomonidan kurash sportida hakamlik va murabbiylik qoidalarini chuqur oʻrgatish, bu boʻyicha video-darsliklar, prezentatsiyalarni ingliz tilida tayyorlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Kurashning 7 usul va har bir 55 ta texnikasini bajarish usullari mutaxassislar guruhi tomonidan mukammal ishlab chiqilib, platformaga yuklandi.
Shuningdek, 25-aprel kuni universitetning Milliy kurash turlari nazariyasi va uslubiyati kafedrasi hamda IKI hamkorligida “Kurash sportining nazariy-amaliy muammolari” mavzusiga bagʻishlangan xalqaro ilmiy-amaliy anjuman oʻtkazish rejalashtirilgan boʻlib, anjumanning bosh maqsadi, jismoniy tarbiya va kurash sport turi sohasida oʻzaro tajriba almashish, xalqaro aloqalarni yoʻlga qoʻyish va rivojlantirish, ilmiy va amaliy yutuqlar bilan oʻzaro oʻrtoqlashishdan iboratdir.