#talabalar_bahori_festivali
#Navroʻz_sayli
Bugun Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida “Yangi Oʻzbekistonni birgalikda barpo etamiz” shiori ostida “Talabalar bahori” anʼanaviy festivali hamda festival doirasida “Olam nurga toʻlsin sen bilan Navroʻz” deb nomlangan bahor va yasharish ayyomi boʻlgan Navroʻz bayram sayli boʻlib oʻtdi.
Unda Oʻzbekiston Respublikasi sport vazirligi masʼullari, universitet rahbariyati, professor-oʻqituvchilar, faxriy ustozlar, oliygohga jalb etilgan xalqaro tajribaga ega malakali mutaxassislar shuningdek, Turkiya, Germaniya, Braziliya singari davlatlardan tashrif buyurgan 30 ga yaqin xorijiy mehmonlar, taniqli shoirlar, mashhur sanʼat ustalari, turli sport federatsiyalari vakillari, ishchi xodimlar hamda talabalar faol ishtirok etishdi.
Dastlab, tadbir universitet rektori Rashid Matkarimov va Chirchiq shahar hokimi Murodjon Abdurahimov tomonidan ochib berildi va barchani bayram bilan muborakbod etib, oʻzlarining samimiy tilaklarini bildirdilar.
Shundan soʻng, universitet rektori hamrohligidagi tadbir mehmonlari tomonidan oliygohning adaptiv jismoniy tarbiya va parasport kafedrasi talabalariga maxsus aravachalar tuhfa etildi hamda ezgu tilak va duolar qilinib tayyorlangan sumalak bayram qatnashchilariga tarqatildi.
Koʻtarinki kayfiyat ulashgan festivalda milliyligimizni aks ettirgan kuy-qoʻshiqlar, laparlar aytildi va sport oʻyinlari tashkil etilib, barchaga esda qolarli lahzalarni tuhfa etdi. Ayniqsa, kafedralar tomonidan tayyorlangan viloyatlarimizning urf-odat va anʼanalarini oʻzida aks ettirgan, milliy taomlar, osh chempionatlari, raqslar, hunarmandchilik buyumlari koʻrgazmalari ham tadbirga oʻzgacha fayz bagʻishladi.