#seminar
Bugun O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida oliygohning tegishli bo‘lim rahbarlari, kafedra professor-o‘qituvchilari hamda Chirchiq davlat pedagogika universiteti vakillari ishtirokida Toshkent viloyatidagi oliy ta’lim muassasalarida innovatsion videostudiyalarni tashkil etish bo‘yicha o‘quv seminari bo‘lib o‘tdi.
Ushbu seminar O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish agentligi hamda Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan moliyalashtirilgan “LED doska-AR texnologiyaga asoslangan videodarslik, onlayn va masofaviy ta’lim uchun mo‘ljallangan innovatsion videostudiya” loyihasi yuzasidan tashkil etildi.
Seminar davomida “AB Creative” MChJ mutaxassisi Bahodirjon Abdullayev “EdSmart - Interaktiv videostudiya" imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumotlar berdi. Shuningdek, mutaxassis tomonidan bunday raqamli texnologiyalardan foydalanish orqali ta’lim jarayoni sifatini oshirish, yoshlarning zamonaviy bilim olishlari va kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan videodarsliklar yaratish, onlayn hamda masofadan ta’lim olishni samarali tashkil etish mumkinligi alohida ta’kidlandi.
Yakunda ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassis tomonidan atroflicha javob olishdi.