O‘zbekiston so‘nggi vaqtlarda o‘z milliy manfaatlariga sodiq qolgan holda ochiq, shaffof hamda o‘zaro manfaatli tashqi siyosat yuritmoqda. Bu esa Yangi O‘zbekistonning zamonaviy tashqi siyosiy holatini yangicha qiyofada shakllanishiga sabab bo‘lmoqda.
Shu bilan birga, O‘zbekistonning iqtisodiy tomonlama ochiq siyosat olib borayotgani, qulay investitsiya muhiti, mamlakatda inson va uning manfaatlariga yuksak e’tibor berilayotgani, eng muhimi dunyo davlatlari bilan mustahkam siyosiy ishonch asosida o‘zaro hamkorlik yo‘lga qo‘yilayotgani xalqaro ekspertlar tomonidan yuqori baholanmoqda.
Bunday yuksak bahoga erishishda albatta, davlat rahbarining bir necha yilni emas, balki uzoq yillarni ko‘zlab olib borayotgan odilona siyosati muhim omil bo‘lmoqda. Mamlakat Prezidentining joriy yilda tashrif buyurgan barcha davlatlari va xalqaro yig‘ilishlardagi nutqida birgina maqsad va tashabbus – ya’ni har jihatdan YevroOsiyo makonida ishonch va hamkorlikni mustahkamlash, mintaqalararo tinchlikni saqlash, muqobil savdo va logistika yo‘nalishini shakllantirish ilgari surildi.
Shuningdek, yetakchi xorijiy davlatlar, jumladan, Rossiya Federatsiyasi, Markaziy Osiyo davlatlari, AQSH, Hindiston, Yaponiya, Koreya Respublikasi hamda Yevropa Ittifoqi bilan o‘rnatilgan xalqaro aloqalar doirasida siyosiy, savdo-iqtisodiy va xavfsizlik sohalari bo‘yicha aniq maqsadlar belgilandi va bularning barchasi davlatimizning nafaqat u yoki bu sohada, balki barcha sohalarda ravnaq topishiga xizmat qilayotgani ham bor gap.
Eng ahamiyatlisi, endilikda rivojlangan davlatlar bilan amalga oshirilayotgan strategik sheriklikning tag zamirida zamonaviy ta’lim jarayonini O‘zbekistonda ham qo‘llash, bu orqali ilmiy jihatdan yetuk kadrlarni tayyorlashga erishish, ularni zamon talabalariga moslashtirish va ta’limning barcha bosqichida mutlaqo yangicha tizimni yo‘lga qo‘yishdek oliy maqsad turibdi.
Shuni katta ishonch bilan ayta olamizki, bunday davlatlar qatoriga Xitoyni ham qo‘shish mumkin. Shu o‘rinda Prezident Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 17 oktyabr kuni Xitoy Xalq Respublikasiga tashrif buyurgani va ikki tomon yetakchilarining har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalari yuzasidan olib borgan muhokamalarini e’tirof etish joiz. E’tibor beradigan bo‘lsak, uchrashuv davomida davlatimiz rahbari O‘zbekiston Xitoy bilan ko‘p qirrali munosabatlarni yanada chuqurlashtirishga qat’iy intilishini alohida ta’kidladi.
Xususan, muhokamalar vaqtida aytilganidek, keyingi yillarda savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikning jadal rivojlanishi natijasida Xitoy investitsiyalari hajmi besh barobar, qo‘shma korxonalar soni uch barobar ko‘paydi. Joriy yil boshidan buyon o‘zaro savdo hajmi esa 36 foizga oshdi.
Shu bilan birga, madaniyat, ta’lim va turizm sohalaridagi qizg‘in hamkorlik ham yetakchilar e’tiboridan chetda qolmadi. Bu bejiz emas, albatta. Azal-azaldan Sharq mamlakatlari o‘zining yuksak madaniyati, tarixi va betakror yodgorliklari, urf-odatlari, san’ati bilan boshqa xalqlardan ajralib turadi. So‘z isboti bilan deganlaridek, oktyabr oyi oxirida O‘zbekistonda Xitoy madaniyati kunlari, kelgusi yil bahor oyida esa Xitoyda O‘zbekiston madaniyati kunlarini o‘tkazish rejalashtirildi.
Yana bir muhim jihat, Prezidentimiz tomonidan O‘zbekistonda, ayniqsa yoshlar orasida xitoy tilini o‘rganishga qiziqish ortib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Undan tashqari, Toshkent va Samarqanddagi Konfutsiy institutining samarali faoliyati sabab, yoshlarimizning xitoy tilini o‘rganishdagi hissasi nihoyatda katta bo‘layotgani ham alohida ta’kidlandi. Qo‘shimcha ravishda Xitoy tilini o‘qitishni va yosh olimlar o‘rtasidagi almashinuvni kengaytirish rejalari belgilab olindi. O‘zbekiston Prezidentining Toshkentda Xitoyning yetakchi Sinxua universiteti va Pekin universiteti filiallarini ochish taklifi esa muhokamalar jarayoniga yakun yasadi.
Darhaqiqat, mamlakatimizda ta’limga berilayotgan e’tibor bugun har qachongidan ham oshgan. Xususan, yurtboshimiz tashabbusi bilan Finlyandiya, Singapur, Germaniya kabi ham iqtisodiyoti, ham ta’lim tizimi yuqori bo‘lgan davlatlar tajribasini o‘rganish borasida ilk qadamlar tashlanib, qisqa vaqt ichida samarali ishlar olib borildi va bu jarayon hamon davom etmoqda. O‘z o‘rnida Xitoy bilan hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlashga qaratilgan ushbu tashrif ham bundan mustasno emas. Zotan ta’lim-tarbiya jarayoni ham vaqt o‘tib yangilanishga, chuqur islohotlarga ehtiyoj sezadi. Ayniqsa, bugungi globallashgan davrda yoshlarimizni kuchli bilim va zamonaviy axborot texnologiyalarining imkoniyatlari bilan qurollantirmas ekanmiz, ularni zamon bilan hamnafaslikda qadam tashlashga undamas ekanmiz, oldindagi porloq kelajak orzusiga erishishimiz juda qiyin kechadi.
Muxtasar qilib aytganda, so‘nggi yetti yil O‘zbekistonda tafakkur hamda boshqaruvdagi va tashqi siyosatdagi yangilanishlar, o‘zgarishlar davri bo‘ldi. Shunday ekan, barchamiz bir yoqadan bosh chiqarib, kelajagimiz egalari bo‘lgan yoshlarni ana shunday o‘zgarishlar mohiyatini anglab yetishlari uchun bor kuchimizni safarbar qilmog‘imiz zarur.
Mahmudjon Boltaboyev,
O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti rektori, professor
O‘zA