#Xanchjou_2022
#tarixiy_natija
Xanchjou – 2022. Joriy yilning 23 sentyabridan 8 oktyabriga qadar Xitoyning Xanchjou shahrida bo‘lib o‘tgan XIX yozgi Osiyo o‘yinlari barchaning diqqat markazida bo‘ldi. Qayd etish kerakki, Osiyo qitʼasining 45 ta davlatidan qaryib 11 ming nafar sportchilar turli sport turlari bo‘yicha qizg‘in bahs olib borishdi.
Munosib ishtirok. Ahamiyatlisi, mazkur sport o‘yinlarida Vatanimiz sharafini himoya qilish yo‘lida keskin kurash olib borgan O‘zbekiston delegatsiyasi 371 nafar tarkib bilan ishtirok etib, sportchilarimiz o‘zlarining mahorati, g‘ayrati, matonati va eng muhimi g‘alabaga bo‘lgan yuksak intilishi bilan Osiyo o‘yinlari tarixidagi eng yaxshi natijani qayd etishdi.
Yakuniy natijalar. Musobaqaning so‘nggi kunlariga qadar g‘oliblik shohsupasida bo‘lgan 132 nafar sportchilarimiz yakunda 71 ta medal (22 ta oltin, 18 ta kumush va 31 ta bronza) jamg‘arib, davlatlar o‘rtasida umumjamoa hisobida 5-o‘rinda eʼtirof etildi.
Sportchilar oilasining vakillari sovrindorlar safida! Bunday natijalarning yana bir quvonarli tomoni, ularning aksariyati O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining sobiq va hozirda tahsil olayotgan isteʼdodli talaba-yoshlari tomonidan qo‘lga kiritildi.
Fikrimizni raqamlarda ifodalaydigan bo‘lsak, mazkur Osiyo o‘yinlarida 65 nafar O‘zDJTSU talabalari ishtirok etib, jami 16 ta medal, shundan 5 ta oltin, 2 ta kumush hamda 9 ta bronza medallarini jamg‘arishdi. Ushbu medallar shodasini O‘zbekiston delegatsiyasi hisobiga taqdim etgan universitetimiz sportchilari Alisher Turdiyev, Umid Esanov, Taxmina Ikromova, Muzaffar To‘raboyev, Shaxboz Xolmirzayev, Daryo Latisheva, Laylo Sobirova, To‘rabek Habibullayev, Shoxsanam Sherzodova, Arina Tanatmisheva, Yuliya Borzova va boshqa talabalarimizning yuksak mahoratiga millionlab sport ixlosmadlari yana bir bor tan berganini, ularning g‘oliblik sari dadil olib borgan bahslari bilan izohlash mumkin. Shuningdek, futbol bo‘yicha O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi aʼzolari safida to‘p surgan oliygohmiz sportchi-talabalarining ham ishtiroki tahsinga sazovor!
Xanchjou-2022 XIX yozgi Osiyo o'yinlarida muvaffaqiyatli ishtirok etgan O'zbekiston delegatsiyasi Vatanimizga yetib keldi. Ular munosib kutib olindi.
Xulosa qilib aytganda, qo‘lga kiritilgan yutuqlarning barchasi yurtimizda sportga va sog‘lom turmush tarziga bo‘lgan yuksak eʼtiborning mevasidir. Zero, Yangi O‘zbekistonga mana shunday beqiyos g‘alabalar yarashadi!