Bugun O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida “Konstitutsiya meniki, seniki, bizniki! Konstitutsiya o‘zimizniki!” shiori ostida Konstitutsiyaviy Qonun loyihasiga bag‘ishlangan yana bir targ‘ibot tadbiri tashkil etildi.
Unda O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi A.Xamzayev, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati M.Xodjayeva, Adliya vazirligi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari O.Yoqubjanov, universitet Yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor N.Dusanov, fakultet dekanlari, professor-o‘qituvchilar hamda talabalar ishtirok etishdi.
Tadbir davomida so‘zga chiqqanlar yangilanayotgan Bosh qomusimizda boshqa sohalardagi o‘zgarishlar qatori, davlat fuqarolarining ekologik huquqlari ham taʼminlanishi va har kim qulay atrof-muhitga, uning holati to‘g‘risidagi ishonchli axborotga ega bo‘lishlari mustahkamlab qo‘yilayotganligi borasida so‘z yuritildi.
Tadbir yakunida esa masʼullar universitetning barcha professor-o‘qituvchilari va talaba-yoshlarini referendumda faol ishtirok etishga chorlab qolishdi.