Bugun O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida Paralimpiya fakulteti hamda O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi bilan hamkorlikda oliygohning imkoniyati cheklangan talaba-yoshlari uchun seminar-trening tashkil etildi.
Unda O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi Departament direktori A.Mursakulov, qo‘mitaning Sport tibbiyoti bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari N.Tursunov, universitetning O‘quv ishlari bo‘yicha prorektori A.Xodjayev, Paralimpiya fakulteti dekani O.Dadaboyev, kafedra mudirlari, professor-o‘qituvchilar va murabbiylar ishtirok etishdi.
Seminar-terning davomida paralimpiya sport turlarini rivojlantirish va ommalashtirish, ushbu sohada malakali murabbiylarni tayyorlash, shuningdek, nogironligi bor bitiruvchi kurs talabalarining bandligini ta’minlash hamda paralimpiya sport turida klassifikatsiyani belgilash kabi muhim masalalar yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi. O‘z o‘rnida, talabalar ham mutaxassislarga ko‘pgina savollar bilan murojaat qilib, ularga atroflicha javoblar olishdi.
Yakunda esa O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi bilan kelgusida doimiy hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan holda, turli o‘quv kurslari, amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazish singari istiqbolli rejalar kelishib olindi.