Yodingizda bo‘lsa, joriy yilning 15-yanvar kuni mamlakatimizda kurash, sambo, dzyudo, karate kabi yakkakurash sport turlarining rivojlanishida ulkan xizmat qilgan Arslon Ilov 75 yoshni, trampolin sportining, taʼbir joiz boʻlsa, ushbu sport turiga poydevor qoʻygan fidoiy insonlaridan biri Raziya Yakubova 70 yoshni qarshi olishgan edi.
Bugun esa Milliy Olimpiya qoʻmitasi matbuot xizmatining xabariga ko‘ra, oʻzbek sportining mazkur ikki zabardast vakillariga qo‘mitaning esdalik medallarini topshirish munosabati bilan tabriklash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Unda Milliy Olimpiya qoʻmitasi va Oʻzbekiston sport faxriylari kengashi vakillari, bir qator sport faxriylari ishtirok etishdi. O‘z navbatida yig‘ilganlarning barchasi kun qahramonlarini yubiley yoshlari bilan samimiy qutlab, ularga uzoq umr, sihat-salomatlik tilashdi.
Yakunda esa MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov tomonidan Arslon Ilov va Raziya Yakubovalarga oʻzbek sporti rivojiga qoʻshgan hissalari uchun minnatdorchilik bildirilib, ularga MOQning esdalik medali topshirildi.