“O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sport ustozi” Maxmudov Shaxrillo Sharipovich 13.00.04 – Jismoniy tarbiya, sport mashgʻulotlari, sogʻlomlashtirish va adaptiv jismoniy tarbiya nazariyasi va metodikasi ixtisosligi bo‘yicha “Yuqori malakali ogʻir atletikachilarning koʻp yillik tayyorgarligida mashgʻulot rejasini takomillashtirish” mavzusidagi pedаgogikа fаnlаri bo‘yichа fаlsаfа doktori (PhD) dissertatsiyasi ishini O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi DSc.28/2025.27.12.Ped.02.01 raqamli Ilmiy kengash yig‘ilishida muvaffaqiyatli himoya qildi.
📱Ma'lumot o'rnida:
🟣Shaxrillo Sharipovich Maxmudov 1970-yilda Buxoro viloyatining Vobkent tumanida ziyolilar oilasida tavallud topgan. Millati — o‘zbek, ma’lumoti — oliy. Jismoniy tarbiya va sport sohasidagi mehnat faoliyati 35 yildan ortiq davrni tashkil etadi.
⚡️Sh. Maxmudov mehnat faoliyatini Buxoro shahridagi sport maktabida murabbiy sifatida boshlagan. 1998–2003-yillarda Toshkent shahridagi Respublika olimpiya zaxiralari kollejining og‘ir atletika bo‘limida murabbiy sifatida faoliyat olib borgan.
2003–2023-yillar davomida O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasida turli mas’ul lavozimlarda, jumladan, murabbiy, milliy terma jamoa bosh murabbiyi, bosh kotib, federatsiya raisi o‘rinbosari hamda raisning birinchi o‘rinbosari sifatida samarali faoliyat yuritgan.
2014–2020-yillarda Sport yakkakurashlari bo‘yicha Respublika oliy sport mahorati maktabi direktori lavozimida ishlagan. 2023-yildan buyon O‘zbekiston Respublikasi Sport vaziri o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritib kelmoqda. Shuningdek, u Osiyo og‘ir atletika federatsiyasi vitse-prezidenti hisoblanadi.
⏺2025-yil may oyida Sh. Maxmudov Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi Ijroiya qo‘mitasi a’zoligiga saylangan. U oliy toifali murabbiy sifatida ham ko‘p yillik boy kasbiy tajribaga ega.
🗣️Sh. Maxmudovning jismoniy tarbiya va sport sohasidagi ko‘p yillik samarali mehnati davlat tomonidan munosib e’tirof etilgan. U 2002-yilda “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sport ustozi” faxriy unvoni, 2016-yilda “Mehnat shuhrati” ordeni hamda 2021-yilda I darajali “Sog‘lom avlod uchun” ordeni bilan taqdirlangan.
🟡Og‘ir atletika bo‘yicha Olimpiya o‘yinlari g‘oliblari, jahon chempionlari va jahon rekordchilari Ruslan Nuriddinov hamda Akbar Jo‘rayev singari yuksak mahoratli sportchilarning kamol topishi, milliy terma jamoaga jalb etilishi va xalqaro maydonda O‘zbekiston sporti nufuzini yanada yuksaltirishida Sh. Maxmudovning alohida xizmatlari mavjud.
⏩Sh. Maxmudov bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi Sport vaziri o‘rinbosari, O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi rahbariyatining yetakchi vakillaridan biri, Osiyo og‘ir atletika federatsiyasi vitse-prezidenti hamda Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi Ijroiya qo‘mitasi a’zosi sifatida samarali faoliyat yuritib kelmoqda.