#mutolaa_uchun
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev: «Kitobsiz taraqqiyotga, yuksak maʼnaviyatga erishib bo‘lmaydi. Kitob o‘qimagan odamning ham, millatning ham kelajagi yo‘q», - deya taʼkidlaydilar.
Yaxshi fazilatlar inson ongiga kitoblar orqali singdiriladi. Har bir inson o‘z vaqtini unumli, foydali o‘tkazish, maʼnaviy saviyasini oshirish maqsadida kitoblar, badiiy adabiyotlar bilan oshno tutinadi, hordiq chiqaradi. Kitobga oshnolik kishilar hayotida muhim ahamiyat kasb etadi. Asrlar davomida inson kitob bilan do‘st bo‘lib, o‘zini qiziqtirgan savollarga javob topib kelgan. Kitob kishining qayg‘uli kunlarida, yolg‘iz qolgan damlarida ham, baxtli va masrur onlarida, yaʼni har bir qadamida, kundalik turmushida ham maslahatchi, sadoqatli hamroh, bebaho boylik va eng yaqin do‘st hisoblanadi.
Kitoblar haqida so‘z borar ekan, bugungi kunda bolalarimizning deyarli kitob o‘qimay qo‘yganligi afsuslanarli. Kitob bilan dillashishdan yiroq farzandlarimizning maʼnaviy olami sayoz, nutqida tarqoqliklar ildiz otgan, ko‘ngildagi kechinmalarda tuyg‘usi yo‘q, qisqasi kitob o‘qish ular uchun majburiy bir daʼvat bo‘lib qolmoqda. Nima qilsak, bolalar bu zaruratdan qiziqishlar tomon o‘zgaradi? Har bir jumboqning kaliti, har ilmning xazinasi, tarbiyalovchi kuch ham kitob ekanligini anglab yetadi. Agarda biz juda yoshlikdan ularning taʼlim-tarbiyasiga jiddiy eʼtibor berib, kitob o‘qishga odatlantirsak-chi? Qiziqishlari asosida ular bilan do‘stona suhbatlar qursak-chi? Bunda biz ko‘zlagan maqsadlar qanchalar o‘z ro‘yobini topar edi!
Albatta, kitob o‘qiydigan bolalar ham bor. Ammo, ular har bir sinfda ikki yoki uch o‘quvchini tashkil qilishi mumkin. Yillar davomida kitob o‘qimaydigan, ayniqsa, badiiy asarlardan yiroq bo‘lgan o‘quvchidan kelajak uchun munosib voris, yaxshi taʼlim va tarbiya ko‘rgan inson yetishib chiqishi qiyin. Bu narsaning salbiy oqibati darrov ko‘zga tashlanmaydi. Kitob o‘qimaydigan, taʼlim-tarbiyada oqsashi bor bolalar o‘z vaqtlarini boshqa ishlarga sarflaydilar. Bunday o‘quvchilarni kitob bilan yaqinlashtirish, ularda kitobga bo‘lgan birgina qiziqishni paydo qilish yo‘llarini topsa bo‘ladi. O‘sha paydo qilingan birgina qiziqish o‘z ortidan ketma-ket qiziqishlarni olib kelishi, kitobxonlik bolaning katta mashg‘ulotiga aylanishi mumkin. Bunga erishish hamma vaqt ham oson kechavermaydi.
“Bolaga kitob sovg‘a qilish kerak” degan gapning zamirida ham hikmat ko‘p. Shunday qilaylikki, bola quvonchini kitobdan topsin, kitoblar oilada ham bolalarimizga bilim beruvchi, tarbiyalovchi kuchga aylansin. Shundagina ularni o‘zi “o‘ch” bo‘lgan “foydasiz qiziqishlar”dan yiroqlashtirishga erishamiz, kitobdan maʼnaviy ozuqa olishni risoladagidek yo‘lga qo‘ya olamiz. Mutolaa orqali maʼnaviy boylikka ega bo‘lgan kitobsevar bolaning dunyoqarashida mukammallik bo‘ladi. Shu bilan birga, ko‘nglida yomonliklarga o‘rin qolmaydi.
Oiladagi kitobxonlik masalasiga ham jiddiy eʼtibor qaratish lozim. Kitobxon ota-onalar faqatgina o‘zlari o‘qib, maʼnaviy ozuqa olmasdan, uni farzandlari bilan ham baham ko‘rishsa maqsadga muvofiq bo‘ladi. Bu, o‘z navbatida, bolaga ijobiy taʼsir etib, mustaqil o‘qish, o‘rganish ehtiyojini paydo qilsa, bolani kitoblarga o‘z-o‘zidan oshno etsa, ajab emas.
Kitoblar tarixdan so‘zlaydi, kelajakka yo‘l ko‘rsatadi, yashashga o‘rgatadi, hayotda qoqilganimizda yiqilmasligimiz uchun suyanchiq bo‘ladi. Ko‘p kitob o‘qigan kishi hech qachon yomon axloqli bo‘lmaydi, egri yo‘lni tanlamaydi, o‘g‘rilik, qotillikka qo‘l urmaydi. Kelajagi buyuk O‘zbekistonimizning taqdiri “bilimli, aqlli va albatta, baxtli” insonlar qo‘liga topshirilar ekan, bunday shavkatga erishishni kitoblarsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi.
Kitoblar ilmiy yoki badiiy bo‘ladimi, tarixiy yoki zamonaviy bo‘ladimi, bundan qatʼiy nazar, insonlarga har doim maʼrifat ulashib kelgan, ulashib kelyapti va bundan keyin ham ulashaveradi. Maʼrifatli shaxs har doim qadrlanadi.
Kitobni bejiz oftobga qiyoslamaydilar. Buning boisi bor, albatta. Negaki quyosh butun olamni o‘z nurlari bilan yoritganidek, kitob ham ilm va maʼrifat ziyolari bilan inson qalbini munavvar etadi. U olimlar fikri jamlangan moʻtabar xazina, donishmandlar hikmatlarining bo‘stoni. U shunday go‘zal bir bog‘ki, yozuvlari uning muattar gullaridir.
Kimki kitob bilan do‘stlashsa, zehni o‘tkirlashadi, nutqi ravon bo‘ladi. U bilimning hech qachon ko‘zi bekilmaydigan qaynar bulog‘i, insonni moziydan ham, shu kundan ham, kelajakdan ham xabardor etadi. Muhimi, u odamzotdan hech narsa so‘ramay, uni kamolga yetkazadi, boshiga biror-bir tashvish tushganda oqilu-dono maslahatchiga aylanadi.
Kishiga kitobdan ko‘ra aziz, qadrli va yoqimli suhbatdosh topilmaydi. U latofat, nafosatda tengi yo‘q, fisqu-fasodu munofiqlikdan mustasno bo‘lgan sadoqatli hamrohdir. Uning suhbatidan insonga shunday betinim fayzu naflar yetadiki, u boshqa hech qanday manbada uchramaydi. Shuning uchun ham ajdodlarimiz uni ulug‘lab, “Kitob – aql qayrog‘i” ham deganlar. Kitob – bebaho xazina. Uni hamisha sodiq do‘st deb bilib, mutoala qilmoq lozim.
Elyor Xolxodjayev – O‘zDJTSU Sportni boshqarish va turizm fakulʼteti taʼlim tarbiya maslahatchisi