Xabar berganimizdek, Londonda davom etayotgan “Global Chess League “Tech Mahindra”ning ikkinchi tur musobaqalari ham shiddatli bahslarga boy bo‘ldi.
Kechagi bahslarda Nodirbek Abdusattorov dona surayotgan “PBG Alaskan Knights” jamoasi kechagi ikkita o‘yinda ham g‘alabaga erishdi. Jumladan hamyurtimiz jamoasi “American Gambits” va "upGrad Mumba Masters”ni mag‘lubiyatga uchratib, 9 ochko bilan 6 ta jamoa orasida yetakchiga aylanib oldi.
Mazkur turnir o‘yinlarida Abdusattorov avvaliga “American Gambits” jamoasi a’zosi Yan-Kshishtof Dudan ustidan g‘alaba qozondi. Keyingi bahslarda “Triveni Continental Kings” a’zosi xitoylik I Veyni dog‘da qoldirgan bo‘lsa, “upGrad Mumba Masters” vakili hindistonlik Vidit Santosh Gudjarati bilan murosa yo‘lini tanladi.
Mahoratli shaxmatchimiz Javohir Sindorov esa “Triveni Continental Kings” safida ikkita bahsda dona surdi. Sindorov ilk o‘yinda “PBG Alaskan Knights” a’zosi Nixal Saringa imkuoniyatni boy berdi. Keyingi o‘yinda “Alpine Sg Pipers” a’zosi Deniyel Dardxani bilang kechgan bahsda g‘alabani tantana qildi. Javohir Sindorov jamoasi 3 ochko bilan 3-o‘rnida bormoqda. Shuningdek 2-o‘rindan joy olgan “upGrad Mumba Masters”, 4- 5-pog‘onalarda joylashgan “Alpine Sg Pipers” va “American Gambits” vakillarida ham 3 ochko mavjud. So‘nggi pog‘onada borayotgan Vishvanatan Anand sardorligidagi “Ganges Grandmasters” jamoasi hozircha biron bir ochko qo‘lga kirita olganicha yo‘q.
Bugun, 5 oktyabr kuni o‘tkaziladigan liga bahslarida “Ganges Grandmasters”-“PBG Alaskan Knights”, “American Gambits”–“Triveni Continental Kings”, “upGrad Mumba Masters”–“Alpine SG Pipers”, “Triveni Continental Kings”-“Ganges Grandmasters” jamoalari ishtirokida qiziqarli musobaqalar bo‘lib o‘tadi.
Eslatib o‘tamiz, mukofot jamg‘armasi 1 million AQSH dollaridan iborat “Global Chess League “Tech Mahindra” turniri 12 oktyabrga qadar davom etadi.