Qoraqalpog‘istonda jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish, aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish borasida ko‘zni quvontiradigan ishlar qilinmoqda.
Bu o‘zgarishlarda O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti Nukus filialining ham baholi qudrat hissasi bor.
Filialimizda sport faoliyati, maktabgacha va boshlang‘ich ta’limda jismoniy tarbiya va sport, psixologiya (sport) ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha malakali kadrlar tayyorlanadi. Shuningdek, xizmatlar va sog‘lomlashtirish tarmoqlarini rivojlantirishning ilmiy-texnologik vazifalarini hal etish, ilg‘or xorijiy tajribadan foydalangan holda sport sohasiga yo‘naltirilgan tadqiqotlar qilish va ishlanmalarni amalga oshirish ham muhim vazifalarimiz sirasiga
kirgan.
Filial faoliyatini 2019-2020-o‘quv yilida kunduzgi, sirtqi, maxsus sirtqi ta’lim shakllarida voleybol, boks, dzyudo, erkin kurash, maktabgacha va boshlang‘ich ta’limda jismoniy tarbiya va sport, badiiy gimnastika hamda eshkak eshish yo‘nalishlarida tahsil oluvchi 50 talaba bilan boshlagan edi. Bugungi kunda esa talabalar soni mingdan oshdi.
Filialda 71 professor-o‘qituvchi ta’lim berib kelmoqda. So‘nggi uch yil davomida mustaqil izlanuvchi sifatida jami 34 o‘qituvchi doktorlik dissertatsiyasi ustida ilmiy izlanishlar qilyapti. Joriy yil 5 mustaqil tadqiqotchining doktorlik dissertatsiyasi himoyasi rejalashtirilgan.
Hozirgi kunda filialda 14 nafar jahon, 21 nafar Osiyo, 49 nafar O‘zbekiston chempioni tahsil oladi. Bir talabamiz Parij Olimpiadasiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Shuningdek, milliy sport musobaqalarida ham filial talabalari o‘z mahoratini namoyish etib kelayotir. Jumladan, “Universiada — 2020” sport musobaqalarida jami 16 ta (1 ta oltin, 9 ta kumush va 6 ta bronza) medal qo‘lga kiritildi. “Universiada — 2022” musobaqalarida esa basketbol bo‘yicha filial terma jamoasi Qoraqalpog‘iston tarixida birinchi bor oltin medalni qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ldi.
Bugungi kunda ta’lim muassasamizda “Quvnoqlar va zukkolar“, “Kitobxonlik”, “Qobiliyatli qizlar”, minifutbol, voleybol, stol tennisi hamda “Zakovat” intellektual to‘garaklari faoliyat ko‘rsatmoqda.
Shuningdek, talaba yoshlar o‘rtasida “Birgalikda kitob mutolaa qilamiz”, “Zakovat”, “Besh ming qadam”, “Quvnoqlar va zukkolar”, “Munozara” ma’naviy-ma’rifiy tanlovlari hamda “Korrupsiyaga qarshi birgalikda kurashamiz”, “Giyohvandlik — asr vabosi” mavzusida rasmlar tanlovlari ham o‘tkazib kelinadi.
Filialning tarmoq korxonalar bilan tizimli aloqasi bo‘yicha “Karera markazi” tashkillashtirilgan. Ushbu markaz talabalarga, ayniqsa, bitiruvchi yoshlarga hozir mavjud bo‘lgan va mehnat bozori talab qilayotgan bo‘sh ish o‘rinlari haqida ma’lumotlar berib boradi. Markaz bo‘sh ish o‘rinlari uchun talab etilayotgan bilim, ko‘nikma va malakalar bilan ularni xabardor etib borishni asosiy vazifa qilib belgilagan.
Prezidentimizning 2022-yil 3-noyabrdagi “Jismoniy tarbiya va sport sohasida kadrlarni tayyorlash hamda ilmiy tadqiqotlar tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, filialda 2023-2024-o‘quv yilidan boshlab Sport faoliyati (faoliyat turlari bo‘yicha) bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga kamida ikkinchi sport razryadiga ega bo‘lgan abituriyentlar qabul qilinishi belgilandi. Buning natijasida sport faoliyati bo‘yicha ta’lim yo‘nalishlariga yetuk va malakali sportchilarni jalb qilish imkoniyati vujudga keldi.
Xulosa qilib aytganda, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining Nukus filialida talabalar uchun barcha shart-sharoitlar mujassam qilingan. Zero, ular sifatli bilim olishi, malakasini oshirishi va dunyoni o‘z g‘alabalari bilan zabt etishi kerak.
Bayramboy YERIMBЕTOV,
pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori,
professor
Maqola "Yangi O‘zbekiston" gazetasining yuz.uz saytida chop etilgan.