Xabaringiz bor, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti Boks, qilichbozlik nazariyasi va uslubiyati kafedrasi tomonidan universitet talabalari o‘rtasida 6-7 oktabr kunlari Boks bo‘yicha Respublika chempionati oldidan universitet birinchiligining saralash musobaqalari, 8-oktabr kuni esa final bosqichi o‘tkazildi.
Unda universitetning Boks, qilichbozlik nazariyasi va uslubiyati kafedrasi professor-o‘qituvchilari, O‘zbekiston boks federatsiyasi bosh kotibi Mirshohid Tillaboyev va Boks bo‘yicha terma jamoa bosh murabbiyi To‘lqin Qilichev hamda jarayonlarni kuzatish maqsadida tashrif buyurgan boks yo‘nlishi talablari ishtirok etishdi.
Mazkur musobaqada finalgacha yetib kelgan talabalar g‘oliblik uchun jiddiy jang olib borishdi. Jarayonlar hayojonli onlarga boy bo‘lib, har bir bahs yig‘ilganlarning olqishiga sazovor bo‘ldi. Sovrindorlar esa maxsus diplom va medallar bilan taqdirlandi.
Shuni alohida qayd etish kerakki, ushbu musobaqa nafaqat boks bo‘yicha Respublika chempionatiga talabalar orasidan eng kuchlilarini saralash, balki ularni universitet terma jamoasi safiga qo‘shish, qolaversa hakamlik bo‘yicha talabalar bilimlarini ham baholash uchun katta imkon yaratdi.
Musobaqa so‘nggida O‘zbekiston Boks fedratsiyasi bosh kotibi Mirshohid Tillaboyev ishtirokida musobaqani tashkil etish bo‘yicha o‘quv seminar tashkil etildi.