Bugun O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar mahkamasining 2021-yil 9-sentabrdagi “Respublika oliy taʼlim muassasalarida talabalarni turar joy bilan qamrab olish darajasini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini bajarish hamda talaba-yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning qulay sharoitlarda ta’lim olishini ta’minlash maqsadida investetsiya dasturi asosida qurilishi yakunlangan 9 qavatli 1100 o‘ringa mo‘ljallangan 3-sonli Talabalar turar joyining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Unda Sportni rivojlantirish vaziri A.Ikramov, Chirchiq shahar hokimi D.Hidoyatov, oliygoh rektori M.Boltobayev, bir guruh faxriy mehmonlar, universitet rahbariyat jamoasi, bino quruvchilari, professor-o‘qituvchilar va talabalar hamda ularning ota-onalari ishtirok etishdi.
Ochilish marosimi dastlab, Sportni rivojlantirish vaziri A.Ikromovning kirish so‘zi bilan boshlandi. Shuningdek, Chirchiq shahar hokimi D.Hidoyatov va universitet rektori M.Boltabayevlar ham mazkur TTJning qurilib, foydalanishga topshirilayotganligdan naqadar mamnun ekanliklarini bildirib o‘tishdi. Shundan so‘ng, rahbarlar tomonidan ramziy lenta qirqildi va barchalari turar joyda yaratilgan shart-sharoitlarni ko‘zdan kechirishdi. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, bino ichidagi xonalarning jihozlanishi, talabalarga yanada qulaylik yaratish uchun mo‘ljallangan zamonaviy uskunalarning mavjudligi tadbir ishtirokchilarining e’tirofiga sazovor bo‘ldi.
Yakunda esa universitet rahbariyati tomonidan mana shunday ko‘rkam turar joyning qad rostlashiga o‘zlarining ulkan hissasini qo‘shgan quruvchilarga to‘n kiygizildi.
Ta’kidlash kerakki, bugungi kunda O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida umumiy hisobda 13 mingdan ortiq talaba tahsil olmoqda. Tabiiyki, ularning o‘qishi va yashashi uchun qulay sharoit yaratib berish birlamchi vazifa hisoblanadi.
Zamonaviy loyiha asosida qad rostlagan mazkur 9 qavatli talabalar turar joyida Investitsiya dasturi asosida 68,0 milliard so‘mlik qurilish-montaj va jihozlash ishlari amalga oshirildi. Jumladan, talabalar turar joyi mebel jihozlari, muzlatkich, kir yuvish mashinalari, elektr plitalar, televizorlar bilan jihozlandi.
Shuningdek, universitetda 2018 — 2021 yillar davomida Investitsiya dasturi asosida 260 milliardan ortiq mablag‘ ajratilib, zamon talablariga javob bera oladigan 2300 o‘rinli 3 ta o‘quv binosi, Talabalar madaniyat saroyi, badiiy gimnastika va kurash sport zallari binosi taʼmirdan chiqarilib, 540 o‘rinli 2 ta talabalar turar-joyi binosi yangidan qurilib foydalanishga topshirildi.
Yana shuni alohida qayd etish kerakki, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti Talabalar turar joyida talabalar o‘rtasida turli jinoyatchiliklarning oldini olish hamda ularning xavfsizligini ta’minlash maqsadida Huquqiy targ‘ibot maskani ham tashkil etildi.
Eng asosiysi, foydalanishga topshirilgan uchchala Talabalar turar joyida talaba-yoshlar bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi, maroqli dam olishlari uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan. Zamonaviy axborot texnologiyalari, kompyuter xonalari, axborot-resurs markazi, o‘quv va Besh tashabbus xonalari, turli to‘garaklar, dam olish, ovqatlanish va yuvinish xonalari mavjud.
Universitet axborot xizmati